AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O‘zbekistondagi ijtimoiy zaif va nogironligi bo‘lgan ayollarni mamlakatning raqamli iqtisodiyotiga jalb qilishga qaratilgan tashabbus ishga tushirildi, deya xabar qildi AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Dasturda Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan 250 nafarga yaqin xotin-qiz ishtirok etib, ular elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlar marketingi (SMM) va reklama bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi. Bitiruvchilar dastur yakunida ishga joylashish va o‘z startap biznesini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Elektron tijorat va raqamli kasblar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 45 kunlik masofaviy ta’lim kursining yakunida ikkita sinov hududidan 200 nafar ijtimoiy zaif xotin-qiz va O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar Milliy assotsiatsiyasidan 40 nafar ayol elektron tijoratda ishbilarmonlar va ko‘nikmaga ega bo‘lgan ishchilar sifatida qatnasha oladi.

Ishtirokchilar keyinchalik o‘z onlayn do‘konlarini ishga tushirib, mahsulotlarni global va mahalliy platformalar orqali sotish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ko‘magida «Sharq ayoli» xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

«Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar gender tengligini ta’minlash, kambag‘allikka barham berish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xizmat qiladi. Bunday dastur raqamlashtirishdagi gender tafovutini yo‘qotishga xizmat qilib, ayollarga ish topishda yordamlashadi hamda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi», — deydi USAID missiyasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Luann Gronxovd.

O‘zbekiston elektron tijorat tarmog‘i shiddat bilan o‘sib, 2020 yilda olingan daromad salkam 500 mln AQSh dollariga yetdi. Mamlakatda 27 mln internet foydalanuvchisi borligi va yaqin bir necha yil davomida raqamli infratuzilmaga 2,5 mlrd dollar miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasining qabul qilinishi — mazkur tarmoqning yanada rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratmoqda.

«Shu bilan birga, internet tarmog‘i aholining ijtimoiy jihatdan eng zaif qatlamlari, shu jumladan ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad olishning keng ko‘lamli imkoniyatlarini yaratishi mumkin. Ammo elektron tijorat bilan shug‘ullanish yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun ayollarga, ko‘pincha, tegishli malaka va mablag‘ yetishmaydi», — deya qayd etildi xabarda.

Ushbu dastur USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. 2022 yilning may oyida USAID O‘zbekistonning qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 2,4 mln dollar ajratilganini e’lon qilgan edi.