Iyul oyida so‘mning real samarali almashuv kursi (REER) iyun oyiga nisbatan 2,1 foizga qimmatladi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki sharhida qayd etiladi.

Nominal almashuv kursi — davlat valyutasining boshqa valyutadagi qiymati yoki valyutani ayirboshlash mumkin bo‘lgan joriy kurs. Real samarali almashuv kursi (REER) — asosiy savdo-hamkor mamlakatlar valyutalariga nisbatan nominal almashuv kurslarini ham, tegishli mamlakatlardagi narxlar darajasining nisbatini ham hisobga oluvchi indeksdir.

Fevral oyidan beri birinchi marta indeks ko‘tarildi. 2021 yil mos davriga nisbatan 1,4 foizga, bazaviy oy — 2019 yilning sentabriga nisbatan 5 foizga qimmatladi (o‘sha yilning avgust oyida banklarga chet el valyutasini sotishga ruxsat berilgan, shuning uchun bazaviy davr sifatida sentabr tanlangan).

MB ma’lumotlariga ko‘ra, real samarali almashuv kursining mustahkamlanishi birinchi navbatda savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari qadrsizlanishi (2,6 foiz) va so‘m almashuv kursi (0,3 foiz) o‘zgarishi bilan bog‘liq. Ichki inflyatsiya REER amortizatsiyasini 0,1 foizga, savdo-hamkor davlatlar inflyatsiyasini esa 0,7 foizga ushlab turdi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlarning valyutalari kursi AQSh dollariga nisbatan turli dinamika ko‘rsatdi:

  • Rossiya rubli 3,7 foizga — 57,3 dan 59,4 ga qadrsizlandi. Bunday qadrsizlanishga Rossiya Markaziy banki tomonidan yilning birinchi choragida kiritilgan valyuta cheklovlarining bosqichma-bosqich yumshatilishi hamda importning tiklanishi natijasida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning oshishi bilan izohlandi. Rossiya Markaziy banki 22 iyul kuni asosiy foiz stavkasini 9,5 foizdan 8 foizgacha pasaytirdi.
  • Qozog‘iston tengesi 6,7 foizga — 446,4 dan 476,3 ga qadrsizlandi. Yirik kompaniyalar tomonidan dividendlarni repatriatsiya qilinishi hamda bir vaqtning o‘zida valyutaga bo‘lgan talabning yuqoriligi fonida tenge kursining biroz qadri pasaydi. Qozog‘iston Markaziy banki 25 iyulda asosiy foiz stavkasini 14,5 foizgacha ko‘tardi.
  • Turk lirasi 2,8 foizga qadrsizlandi. Dollar indeksining mustahkamlanishi hamda jahonda retsessiya xavfi liraning qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi.
  • Xitoy bankining iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil boshidan buyon asosiy foiz stavkani tushirishi hamda mintaqadagi so‘nggi geosiyosiy notinch vaziyatning mavjudiligi yuan kursiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning natijasida yuan kursi o‘tgan oyga nisbatan 0,6 foizga qadrsizlandi.

Iyul oyida asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlari oshishi kuzatildi. Xususan, prognozlarga ko‘ra, Rossiyada oylik narxlar mavsumiy omillar, iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning sustligi tufayli -0,2 foizga tushishi kerak. Shu bilan birga, yillik inflyatsiya 15,3 foiz yuqori darajada saqlanib qoladi.

Qozog‘istonda oylik inflyatsiya 1,1 foizni tashkil etib, yillik hisobda 15 foizgacha tezlashdi. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari yiliga 19,7 foizga qimmatlagan.

Turkiyada ham narxlar tez o‘sishda davom etmoqda. Oylik inflyatsiya 2,8 foizni, yillik inflyatsiya 79,6 foizni tashkil etdi. Narxlar o‘sishiga asosan, energiya mahsulotlarining qimmatlashishi hamda lira devalvatsiyasining davom etayotganligi sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi (xom ashyo, materiallar va oraliq iste’mol tovarlari ulgurji narxlarining o‘rtacha daraja ko‘rsatkichi, unga ko‘ra, milliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlari sotadi) oylik hisobda 5,2 foizga o‘sib, yillik 144,6 foizga yetdi.

Savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi so‘mning ushbu valyutalarga nisbatan real kursini mustahkamlayotgani haqida xabar bergandi. Ushbu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini pasaytirib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga ta’sir etayotgani aytilgandi.

Birinchidan, yuqorida qayd etilgan valyutalarning keskin devalvatsiyasi tashqi bozorlarda mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qimmatlashuviga olib kelib, ularning valyuta tushumlarini qisqartirdi.

Ikkinchidan, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar narxlarining chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlariga nisbatan raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, chetdan import qilishni rag‘batlantirgan holda, xorijiy valyutaga qo‘shimcha talabni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro pul o‘tkazmalarining asosiy qismi to‘g‘ri keladigan davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi, ushbu davlatlardan mamlakatimizga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmining kamayishiga olib keldi.