Prezident 11 avgust kuni «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PF-189-son] farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari — sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy to‘lovlar bekor qilinadi:

  • Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar;
  • sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlariga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lovlardan 5 foiz miqdoridagi ajratmalar.

2026 yil 1 yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

Kichik tadbirkorlik subyektlari bo‘lgan sanitar tozalash korxonalariga:

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan kreditlari bo‘yicha 50 foizgacha (50 foiz ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar;
  • 2024 yil 1 yanvargacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida banklarning milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha «2+1» tamoyili asosida kompensatsiyalar taqdim etiladi.