Huquq-tartibot idoralari Toshkent aeroportida Britaniyaning soxta pasportlari bilan Londonga uchib ketmoqchi bo‘lgan yetti nafar Afg‘oniston fuqarosini qo‘lga oldi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti matbuot xizmati.

Tekshiruv davomida ushbu yo‘lovchilar o‘zlarini Afg‘oniston fuqarolari deb tanishtirgan. Ular Tojikistonda bo‘lgan vaqtlarida Buyuk Britaniya fuqarolarining qalbaki milliy pasportlarini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritishgan, deyiladi xabarda.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan JK 228-moddasi 2 va 3-qismlari «b» bandi, shuningdek, 223-modda 2-qismi «b» va «v» bandlari bilan 25-modda (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish; bir guruh shahslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda O‘zbekistondan chet elga noqonuniy chiqishga urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.