10 avgust kuni hukumatning «Ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [440-son] qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti tashkil qilindi. O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ixtirochilik faoliyatini rivojlantirish jamiyatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yildan boshlab, har yili hududlar, tarmoqlar va sohalar kesimida ixtirochilik va ratsionalizatorlik bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:

  • 1-o‘ringa — BHMning 300 baravari (90 mln so‘m);
  • 2-o‘ringa — BHMning 250 baravari (75 mln so‘m);
  • 3-o‘ringa — BHMning 200 baravari (60 mln so‘m).

Mazkur mablag‘lar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.

Shu bilan birga, g‘oliblarning ixtirolarini kelgusida startap loyihalar doirasida moliyalashtirishgga ustuvorlik beriladi.

Bundan tashqari, g‘olib ishtirokchilar magistratura mutaxassisligiga Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi granti hisobidan imtihonsiz qabul qilinadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» OTMlarga kirishda kimlar qanday imtiyozlarga egaligi bo‘yicha ma’lumotlarni bir materialda jamlagan edi.