Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 avgust kuni Bekobod shahridagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatini borib ko‘rdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kombinatda 11 ming kishi ishlaydi. Korxonaning faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi sexlar ishga tushirildi, borlari modernizatsiya qilindi, deyiladi xabarda.


Preziyent hali ishga tushmagan quyuv prokat majmuasining qurilish maydonida ham bo‘ldi. Hozir uning temir va avtomobil yo‘li qurilishi yakunlanib, temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilmoqda. Majmuaga zarur uskunalar Italiyaning «Danieli» kompaniyasidan keltirilyapdi. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

672 mln yevrolik ushbu loyiha natijasida yiliga 1 mln tonna po‘lat listlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyiha ishga tushgach, kombinat quvvatlari 2 baravarga oshadi, deyiladi xabarda.


Prezident qurilishn jadallashtirish va korxonani kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z vaqtida bu kombinat uchun 800−900 ming tonna ikkilamchi qora metallni qayta ishlash yetarli edi. Lekin bugungi kunda iqtisodiyotda qora metallga bo‘lgan talab 4 mln tonna. Uning ham 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun korxonani tezroq ishga tushirish iqtisodiyotga katta manfaat beradi.

Qolaversa, davlat rahbari qariyb 5 mln dollarlik loyiha evaziga bu yerga xorijdan termo-mustahkamlash liniyasi keltirilib, joriy yil fevralda ishga tushirilgan navli prokat majmuasini ko‘zdan kechirdi. Loyiha sabab yiliga 500 ming tonna A500-A800 markali armatura ishlab chiqarish quvvati yaratildi.


Avvalo, termo-mustahkamlash jarayonida kimyoviy moddalar tejalgani hisobiga armatura tannarxi kamaygan. Yiliga 300 mln dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan. Yana bir muhim jihati, bu armatura xalqaro DIN standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan. Endi ushbu mahsulotni Yevropaga eksport qilish rejalashtirilgan.