19−21 iyul kunlari O‘zbekiston tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) missiyasi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumni kuzatish uchun mamlakatga cheklangan missiyani yuborishni tavsiya qildi. Bu haqida 5 avgust kuni e’lon qilingan missiya hisobotida qayd etilgan.

Missiya ekspertlarning asosiy guruhidan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab referendum jarayonini kuzatish uchun YeXHTga a’zo davlatlardan 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarni yuborishni tavsiya etdi.

Missiya cheklangan miqdordagi referendum uchastkalariga tashrif buyuradi, ovoz berish jarayonining tizimli monitoringi ta’minlanmaydi, deyiladi hisobotda. An’anaga ko‘ra, missiya referendumning ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ham kuzatib boradi.

O‘zbekistondagi so‘nggi missiyaning maqsadi referendumdan oldingi vaziyat va ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rishni baholashdan iborat edi. U davlat organlari — Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqalar, qolaversa, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlar to‘plami Konstitutsiyaning 128 moddadan 64 tasiga 200 ta o‘zgartirish va qo‘shimchalar, qolaversa, yangi 6 ta moddani kiritishni nazarda tutadi. Ulardan ba’zilari insonning ayrim huquqlari, asosiy erkinliklari va protsessual kafolatlarini himoya qilishga tegishli. 90 moddaga kiritilgan tuzatish prezidentning vakolat muddatini 5 yildan 7 yilgacha ko‘paytirishni nazarda tutadi.

Missiyaning ko‘plab suhbatdoshlari taklif qilingan tuzatishlarni mamnuniyat bilan kutib olishdi, ammo boshqalar «prezident mandatining uzaytirilishi hamda ilgari DIIHB baholashlarida ko‘rsatilganidek, qonunosti hujjatlari so‘z yerkinligi, tinch yig‘ilishlar va assotsiatsiy to‘planishini cheklashda davom etishidan xavotirlarini bildirib, ular kutilayotgan konstitutsiyaviy tuzatishlarni to‘g‘ri amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar», deyiladi bayonotda.

Hokimiyat vakillari fuqarolarning Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni muhokama qilishda yuqori faolligini qayd etishlari va mamlakatning barcha mintaqalarida jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazishilishi ye’lon qilinganini ta’kidlashganlariga qaramasdan DIIHBning ayrim suhbatdoshlari tuzatishlarni kiritish jarayonining past shaffofligi hamda nazorat va muvozanat mexanizmlarini kuchaytirish to‘g‘risidagi tuzatishlar qonunning yakuniy loyihasida aks etadimi yoki yo‘qmi degan shubhalarni bildirdilar.

Markaziy saylov komissiyasiga tayanib, missiya ma’lum qilishicha, o‘zgartirishlar referendumga yagona to‘plam tarzida kiritiladi va fuqarolarga o‘zgartirishlarni «yoqlab» yoki «qarshi» ovoz berish so‘ralgan birgina savol beriladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Referendum to‘g‘risidagi qonun jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarga referendum o‘tkazish uchun MSKga ixtiyoriy ravishda mablag‘larni o‘tkazishga ruxsat beradi. Shu bilan birga, qonunda shaffof va hisobdor referendum kampaniyasini moliyalashtirish tizimining asosiy jihatlari, kampaniyani moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etish, nazorat va monitoring qilish, qolaversa, qoidabuzarliklar uchun sanksiyalar to‘g‘risidagi qoidalar mavjud emas.

Qonun siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolar tashabbuskor guruhlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha tadbirlarda ishtirok etish imkonini beradi. Biroq, xalqaro standartlarga va DIIHBning avvalgi tavsiyalariga zid bo‘lgan fuqarolik kuzatuvchilari kuzatuvi bo‘yicha hech qanday qoidalar mavjud emas, deyiladi hisobotda.

Referendum to‘g‘risidagi qonun O‘zbekiston fuqarolariga, jamoat birlashmalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga referendum o‘tkazishni yoqlab yoki unga qarshi, qonun loyihasi, amaldagi qonun yoki referendumga qo‘yilgan boshqa masala bo‘yicha erkin tashviqot olib borishga imkon beradi. Tashviqot ishlari uchun OAVlardan foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, qonun jarayonni xolis yoritishni yoki kampaniyalar uchun teng sharoitlar kafolatini talab qilmaydi, deya ta’kidladi missiya. Milliy teleradiokompaniyaning Missiyaga ma’lum qilishicha, ular referendumni tanqid qilish niyatida bo‘lganlarga so‘z berish niyatida.

Missiya suhbatdoshlari shu paytgacha hech bir tashkilot yoki guruh referendumga qarshi chiqmaganligiga e’tibor qaratdi.

«DIIHB missiyasining barcha suhbatdoshlari referendum jarayonini mustaqil nazorat qilish muhimligi va kuzatuv bo‘yicha DIIHB faoliyati zarurligini ta’kidladi», deyiladi YeXHTning kuzatuv guruhini yuborish to‘g‘risidagi hujjatda.