6 avgust kuni kechki payt Magic City bog‘i hududida ishlayotgan ikki fotosuratchi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Holat jiddiylashib, mushtlashuvga aylangan, deya xabar beriladi O‘zbekiston Milliy gvardiyasi matbuot xizmatida.

O‘zaro mushtlashuv chog‘ida Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 20 yoshli Sh. D., 25 yoshli X.K.ga o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i bilan o‘qtalgan. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlariga Sh. D ham qarshilik ko‘rsatgan, shundan so‘ng Milliy gvardiya harbiylari chaqirilib, fuqaro qo‘lga olingan.

Jabrlangan X.K.ga tibbiy yordam ko‘rsatildi, uning holati qoniqarli.

Sh. D.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (mayda bezorilik) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida nazarda tutilgan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi.