O‘zbekistonda xorijiy kriptobirjalarning saytlariga kirish ularning faoliyat yuritish huquqi uchun litsenziyasi yo‘qligi sababli bloklandi, deb xabar berdi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati. Eslatib o‘tamiz, ILMA kriptoaktivlar aylanmasi sohasi regulyatori hisoblanadi.

9 avgustdan boshlab, foydalanuvchilar mashhur kriptobirjalar, jumladan, Binance va FTX saytlarini ochishga uringanlarida, «ogohlantirish»ga duch kelishdi. Unda «Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 sentabrdagi 707-sonli «Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida axborot resursiga cheklov o‘rnatilgani» qayd etilgan.

ILMA ma’lumotlariga ko‘ra, bloklangan platformalar O‘zbekiston hududida serverlarini o‘rnatish bo‘yicha qonunchilik talablariga javob bermagan. «Shu bilan birga, ular kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydi, tranzaksiyalarning qonuniyligini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri saqlash va maxfiyligini kafolatlay olmaydi», — deya qayd etadi agentlik.

ILMA fuqarolardan O‘zbekistonda kriptoaktivlar bilan bog‘liq savdolarini amalga oshirayotgan yoki xizmatlarni tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda yoki noqonuniy maqsadlarda taklif etayotgan kompaniyalar haqida xabar berishlarini so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kriptovalyutalarni sotish faqat ixtisoslashgan kriptobirjalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, kriptovalyutalarda birja savdosi uchun elektron tizimlar O‘zbekiston hududidagi serverlarga joylashtirilishi kerak.

Prezidentning 2018 yil 3 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari etib, aynan: mayning va kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari belgilangan.

Xizmatlar provayderlari qatoriga faoliyati litsenziyalanadigan va jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan kriptobirjalar, mayning-pul, kriptodepozitariylar va kriptodo‘konlar kiritilgan.

Shuningdek, hujjat bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkinligi belgilandi. Biroq ular ushbu sanaga qadar kriptoaktivlarni sotib olish, sotish, ayirboshlash va (yoki) saqlash bilan bog‘liq savdolarni amalga oshirish huquqiga ega emas.

2021 yil aprel oyida ILMA O‘zbekiston fuqarolariga kripto-birjalarda kriptoaktivlar va tokenlar bilan kriptobirja savdolarining barcha turlarini milliy va chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat berishni taklif etdi.