8 avgust kuni Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Bosh Assambleyasida 2026 yilda olimpiada O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev «Missiya bajarildi, janob prezident», — deb yozgandi.

11 avgust tongida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘oliblarini Toshkent xalqaro aeroportida kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatlashgan Alisher Sa’dullayevning ta’kidlashicha, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini O‘zbekistonda o‘tkazish qaroriga erishish oson kechmagan.

«Hindistonning Chennay shahriga ketayotib, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini O‘zbekistonda o‘tkazish maqsadimiz borligini u yerdagilar [xalqaro shaxmat Federatsiyasi rahbariyati] ga aytish va ko‘ndirishni niyat qilgandik. Ammo bu oson bo‘lmadi. Chunki 2026 yilda bo‘ladigan shaxmat olimpiadasiga bizdan tashqari Polsha, Zambiya va BAA ham mezbonlik uchun da’vogarlik qildi», — dedi u.

«Bundan tashqari, hozir dunyoning ayrim joylarida turli vaziyatlar bo‘layotgani barchaga ma’lum. Shu sabab ham „2026 yilgacha O‘zbekistonda qanday holat bo‘ladi?“, degan ikkilanishlar ham bo‘ldi. Ayniqsa, viza, mamlakatga kirib-chiqish kabi masalalarda ko‘p savol berildi. Biz esa taqdimot payti O‘zbekiston mezbonlik qilishga tayyor ekanligini aytib, vaziyatni tushuntirdik, ochiqlik siyosati olib borilayotganini ta’kidladik. Shundan so‘ng, bir ovozdan rozi bo‘lishdi. Endi olimpiadani o‘tkazish kerak», — dedi Alisher Sa’dullayev.

Eslatib o‘tamiz, Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi 11 avgust kuni Toshkentga qaytib kelgandi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olingan.

Marosimda bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, shaxmatchilarga prezident tabrigini yetkazgan va ularga mukofotlarini topshirgan.

Xususan, olimpiada g‘olibi bo‘lgan erkaklar jamoasi vakillari — Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidovlarga 600 mln so‘mdan pul mukofoti berilgan. Qolaversa, g‘oliblarning har biriga Equinox avtomobili prezident sovg‘asi sifatida taqdim etilgan.