Yaponiyaning amaldagi bosh vaziri Fumio Kisidaning vazirlar mahkamasi to‘liq tarkib bilan iste’foga chiqqanini e’lon qildi, deya xabar berdi «RBK». Yaponiya hukumatida kutilayotgan bir qator o‘zgarishlar fonida yuz berdi.

Kyodo agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kisida jamoatchilik ishonchi pasayib ketgani tufayli o‘z vazirlar mahkamasini qaytadan shakllantirmoqchi. Shuningdek, bosh vazir ba’zi hukumat a’zolarining «Birlashuv cherkovi» diniy mazhabi bilan aloqalari yuzasidan ayblovlardan qochishga intilmoqda, ushbu mazhab Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abe o‘ldirilganidan keyin aholi e’tiborini tortdi.

Asahi Shimbun gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya Mudofaa vazirligiga Yasukadzu Xamada rahbar bo‘lishi mumkin. U ushbu lavozimda 2008−2009 yillarda ishlagan edi. Iqtisodiy xavfsizlik vaziri Siyosiy tadqiqotlar kengashi raisi Sanae Takaiti, sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri esa vazirlar mahkamasi sobiq bosh kotibi Katsunobu Kato bo‘ladi.

Tashqi ishlar vaziri, moliya vaziri, iqtisodiy qayta tiklanish vaziri, yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri o‘z lavozimlarida qoladi. Raqamli texnologiyalar hamda iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirlari ham almashadi. Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Xirokadzu Matsuno ham o‘z lavozimida qoladi.

Yaponiya hukumatidagi bo‘lg‘usi o‘zgarishlar haqida o‘tgan haftadayoq ma’lum bo‘lgandi. 6 avgust kuni bu haqda Kisidaning o‘zi e’lon qilgandi. Qayd etilishicha, yangilangan vazirlar mahkamasining kamida uch a’zosi «Birlashuv cherkovi» bilan bog‘liqdir.

Iyul oyida Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni o‘ldirgan Nara shahrining 42 yoshli fuqarosi Tetsuya Yamagami ushbu uyushmani («Birlashuv cherkovi») tanqid qilgan. Uning fikricha, siyosatchi ushbu uyushmaga mansub bo‘lgan va Yamagamining onasi ushbu tashkilotga o‘z pullarini o‘tkazgan, bu esa uning g‘azablanishiga sabab bo‘lgan. Kyodo ma’lumotlariga ko‘ra, ayol «Birlashuv cherkovi»ga qariyb 100 million iyena (720 ming dollar) xayriya qilgan.

Tetsuya Yamagamining tog‘asi aytib berishicha, ayol 1990 yillarda turmush o‘rtog‘i o‘z joniga qasd qilganidan keyin sektaga tushib qolgan. Ayol erining o‘limidan keyin to‘langan sug‘urta pullarini, shuningdek, oilaviy ko‘chmas mulklar sotuvidan tushgan pullarni unga xayriya qilgan. Yamagami esa oilada pul yetishmovchiligi tufayli o‘qishini tashlashga majbur bo‘lgan. Cherkovning o‘zidagilar esa 50 million iyenani qaytarib berganliklarini ma’lum qilishdi, Yamagamining onasi nomidan qilingan xayriyalar haqida hech qanday qaydlar bo‘lmaganini ham qo‘shib qo‘yishdi. Uning tog‘asi tashkilotni javobgarlikdan qochishga urinishda aybladi.