9 avgust kuni Issiqko‘l viloyatining Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat vakillari delegatsiyalari o‘rtasida ikki davlat o‘rtasidagi chegara qismlarini demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar boshlangan, deya xabar bermoqda 24.kg sayti.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining maxsus vakili Nazirbek Borubayevning aytishicha, tomonlar oldin kelishilmagan qirg‘iz-o‘zbek chegara qismlarini aniqlashtirishni maqsad qilishgan. Uning qayd etishicha, hozirgi kunda mamlakatlar chegarasining 1170 km qismi aniqlashtirilgan, endilikda qolgan qismlari masalasi hal qilinadi.

Nazirbek Borubayevning ta’kidlashicha, ikki mamlakat hukumatlari chegara masalasi borasidagi barcha savollarni 2022 yilning o‘zida hal qilishni rejalashtirishmoqda. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kmni tashkil qiladi va shundan 85% qismi aniqlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 11 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Toshkentga rasmiy tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalarini uch oy ichida hal etish belgilanganini ma’lum qilgandi. «Odamlar [yechimini] kutayotgan ba’zi masalalarni biz yaqin kelajakda aniq hal etamiz. Byurokratiyasiz, fuqarolarimizga qulay va yaxshiroq bo‘lishi uchun jiddiy mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishga qaror qildik», — deya ta’kidlagandi O‘zbekiston yetakchisi.

Shundan so‘ng, o‘sha yilning 26 martiga kelib, ikki davlat hukumatlari vakillaridan iborat delegatsiyalar chegara hududida uchrashuv o‘tkazgandi. Qirg‘iz-o‘zbek chegaralaridagi barcha bahsli hududlar hal qilindi, deya ta’kidlagandi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev.

18 may kuni esa O‘zbekiston DXX Abdusalom Azizov va Qirg‘iziston MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev birgalikda vertolyotda o‘zbek-qirg‘iz chegarasining belgilanmagan qismini ko‘zdan kechirgandi.