Zomin qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonlarga qo‘ng‘ir ayiq va to‘ng‘izlar tushib qoldi, deb xabar berdi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, qo‘riqxona xodimlari tomonidan dengiz sathidan 3500−3800 metr balandlikda qo‘riqxonada yashaydigan hayvonlarning yashash tarzini kuzatish maqsadida 20 dona fotoqopqon o‘rnatilgan. Har ikki holatda ham hayvonlar tunda fotoqopqonlarga tushib qolgan.

Zomin davlat tog‘-archa qo‘riqxonasi Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududida joylashgan. Uning maydoni qariyb 27 ming gektarni tashkil qiladi.

Agroturizm.uz loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘riqxonada baliqning 1 turi, amfibiyalarning 2 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, qushlarning 102 turi, sutemizuvchilarning 30 turi yashaydi. Ulardan qor qoploni, Seversov qo‘yi va qora kalxat xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qor qoploni, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Turkiston silovsini, Seversov qo‘yi, qora grif, qora laylak, soqolli kalxat, burgut, oqboshli kalxat, pakana burgut, lochin va qizilboshli lochin kabi hayvonlar bor.


Davlat ekologiya qo‘mitasi «Qizilqum» davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga shoqol tushib qolgani aks etgan tasvirlarini ham namoyish etdi.

«Bu hayvonlar qo‘riqxona hududida ancha keng tarqalgan bo‘lib, Amudaryo sohillari va barcha ichki suv havzalar bo‘yidagi to‘qayzor, qamishzorlar ichida ham yashaydi. Ularni kechqurunlari aholi yashaydigan hududlarga yaqin joylashgan poliz, sholi va boshqa ekin maydonlarida uchratish mumkin», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qizilqum davlat qo‘riqxonasi Buxoro va Xorazm viloyatlari hududida joylashgan bo‘lib, u Amudaryoning qirg‘oqbo‘yi qismidagi 10,3 ming gektar maydonni o‘z ichiga olgan. Qo‘riqxonada Buxoro bug‘usi, to‘ng‘iz, shoqol, dasht burguti, qumloq va qamishzor mushugi kabi jami 35 ga yaqin sutemizuvchilar turi yashaydi.