O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan 44-shaxmat Olimpiadasining to‘qqizinchi turida avval turnirda mag‘lub bo‘lmagan Armaniston terma jamoasini yutdi. 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 3:1 hisobida yakunlangandi.

Armaniston terma jamoasining o‘rtacha reytingi (2637) O‘zbekiston jamoasidan (2606) biroz yuqoriroq edi.

Javohir Sindorov.

16 yoshli grossmeyster Javohir Sindorov (2629) 28 yoshli Samvel Ter-Saakyanga (2625) qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi.

Nodirbek Yoqubboyev.

20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (2620) 33 yoshli Grant Melkumyan (2634) bilan teng o‘ynadi.


Jahongir Vohidov.

27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) 31 yoshli Robert Oganesyanni (2591) ortda qoldirib, O‘zbekistonga muddatidan oldin g‘alaba keltirdi.

Nodirbek Abdusattorov.

17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) va 38 yoshli Gabriyel Sarkisyan (2698) g‘olibni aniqlamadi.

To‘qqiz tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 16 ochko bilan 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi. Hindiston-2 jamoasi Ozarbayjon bilan durang o‘ynadi (2:2) va 15 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (2094) esa Isroilga (2247) 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.