2022 yilning o‘tgan davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 127 ta jinoyat fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida firibgarlik yoki pora sifatida qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan 384 mln so‘m va 457 ming AQSh dollari saqlab qolingan.

34 ta jinoyatda o‘qishni xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangan. Bunda 81,8 mln so‘m va 168,2 ming AQSh dollarining qo‘lga kiritilishiga chek qo‘yilgan.

Shuningdek, kollej va texnikumlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 37 ta jinoyat fosh etilib, 22 mln so‘m va 27,5 ming AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p jinoyat Andijon, Farg‘ona va Toshkent shahrida aniqlangan:

  • Andijonda — 29 ta,
  • Farg‘onada — 27 ta,
  • Toshkent shaharda — 26 ta,
  • Samarqandda — 21 ta,
  • Buxoro va Toshkent viloyatlarida — 17 tadan,
  • Namangan hamda Sirdaryoda — 16 tadan,
  • Surxondaryoda — 9 ta,
  • Jizzax, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda — 6 tadan,
  • Qashqadaryoda — 3 ta;
  • Navoiy viloyatida — 1 ta.

Huquqbuzarlik sodir etganlarning 17 nafari oliy ta’lim tizimida, 14 nafari kollej va litseylarda, qolgan 169 nafari esa boshqa sohalarda ishlashi ma’lum qilindi.