O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 4 avgust kuni Ozarbayjonning Londondagi elchixonasiga «g‘arazli maqsadda uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralaydi». Bu haqda TIV bayonotida aytilgan.

«Diplomatik vakolatxonalar xodimlarining hayoti va salomatligiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Hodisani har tomonlama tekshirish va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

«O‘zbekiston tomoni qardosh Ozarbayjonni xorijdagi fuqarolarining xavfsizligi va himoyasini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashini bildiradi», — deya qo‘shimcha qilinadi TIV xabarida.

Ozarbayjon TIV ma’lumotlariga ko‘ra, hujum radikal diniy guruh tomonidan amalga oshirilgan. Guruh a’zolari elchixona binosiga kirib, buzg‘unchilikni amalga oshirib, Ozarbayjon bayrog‘ini yirtib tashlagan va binoga arabcha yozuvlar yozib qo‘ygan. Binoning balkonida turib, ular diniy bayroqlarni silkitib, radikal diniy shiorlar bilan hayqirishgan.

Britaniya matbuoti hujumchilar shia musulmonlari tashkiloti a’zolari bo‘lganini yozmoqda. London politsiyasi sakkiz kishini hibsga oldi.

Elchixona xodimlari jabrlanmagan. Ozarbayjon TIV Britaniya rasmiylari e’tiborini diplomatik vakolatxonalar va diplomatlar himoyasini ta’minlash bo‘yicha xalqaro huquq talablariga rioya qilish zarurligiga qaratdi.