2 avgust kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchisi, 48 yoshli X.S. zavod binosi oldida o‘ziga benzin quyib yoqib yubordi. Buni viloyat hokimligi va Bosh prokuratura ham tasdiqladi.

«Daryo»ning yozishicha, ishdan bo‘shatilgani ayolni o‘z joniga qasd qilishga undagan bo‘lishi mumkin. Ayol Toshloq tumanida yashaydi, turmush o‘rtog‘i ishsiz, to‘rt farzandi bor. Voqea sodir bo‘lgan kuni uning ruxsatnomasi olib qo‘yilgan. Hodisa sodir bo‘lgan binoga kiraverishda o‘t o‘chirish moslamasi bo‘lmagan, hech kim zudlik bilan yordamga kelmagan.

Viloyat hokimligi xabarida aytilishicha, ayolga birinchi tibbiy yordam kombinat punktida ko‘rsatilgan, so‘ngra Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Kombustiologiya bo‘limiga olib kelib yotqizilgan.

Voqea yuzasidan tergov ishlari viloyat hokimligi nazoratiga olindi. Hokimning birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev va viloyat prokurori o‘rinbosari Behzod Ismoilov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Unga viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi bo‘limi boshlig‘i Erkin Nuraliyev ham qo‘shildi, deya xabar berdi hokimlik.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

3 avgust kuni viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi mudiri Komila Kavlanova jabrlanuvchi davolanayotgan muassasaga borgan. Bosh prokuratura ayolning tanasida kuchli kuyishlar borligini xabar berdi. Tergovga qadar tekshiruv Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilmoqda.

FNQIZ matbuot xizmati korxona xodimi Sanobarxon Haydarovaning o‘zini yoqib yuborgan voqea yuzasidan munosabat bildirdi. «Gazeta.uz» uni katta bo‘lmagan qisqartirishlar bilan keltiradi.

«Zavod rahbariyati, 2 avgust kuni neftni qayta ishlash zavodining nazorat punktida noxush harakat qilishga qaror qilgan xodimning hamkasblari vaziyatni kuzatib bormoqda hamda unga va uning bolalariga barcha kerakli yordamni ko‘rsatmoqda. Zavod Farg‘ona viloyati huquqni muhofaza qilish organlari va hokimligi bilan hamkorlik qilmoqda.

Vaziyat jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va bizning hamkasbimiz bilan sodir bo‘lgan fojiali voqeani obyektiv yoritishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan, seshanba kuni ertalab neftni qayta ishlash zavodida voqealar qanday rivojlanganligi, shuningdek, avvalgi davrlarda hamkasbimiz bilan o‘zaro munosabatlarimiz to‘g‘risida xabar berish zarur deb hisoblaymiz.

2 avgust kuni soat 7:37 da 32-sonli sexda 2-darajali malyar lavozimida ishlovchi Sanobarxon Haydarova zavodning 1-sektor kirish yo‘lagida korxonaga kiritilmagan, bunga unda tegishli ruxsatnoma yo‘qligi sabab bo‘lgan. Xavfsizlik xodimlari o‘z vazifalarini bajarib, hamkasbiga kirish huquqini rad etishdi.

Sanobarxon Haydarova tajovuzkor shaklda xavfsizlik xodimlariga nisbatan o‘zining noroziligini bildirdi. Kiraverishdagi qisqa muloqotdan so‘ng u binoni tark etdi. Zavodda ushbu harakatlarni tasdiqlovchi barcha video materiallar mavjud. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ushbu videomateriallar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilishi mumkin.

Foto: FNQIZ.

Oradan bir soat o‘tgach, 8:31 da Sanobarxon Xaydarova qaytib keldi va 1-sektorning nazorat punktiga yaqinlashmasdan plastik idishdan o‘ziga benzin quydi. O‘tish binosiga kirib, u o‘zini yoqib yuborishga harakat qildi. Ushbu harakatlarni ko‘rgan FNQIZ xavfsizlik xodimlari darhol o‘zini yoqishning oldini olishga harakat qilishdi. Biroq, Sanobar olovni yoqishga muvaffaq bo‘ldi, uning kiyimlari yonib ketdi. Xavfsizlik xodimlari zudlik bilan o‘t o‘chirish moslamasi va mato yordamida olovni o‘chirishdi. Biroq, u yordamga qarshilik ko‘rsatib, sezilarli darajada kuyishga ulgurdi.

Shuningdek, soat 8:31 da nazorat punktida navbatchilik qilgan FNQIZ tibbiy bo‘linmasi hamshirasi Barno Obidova korxonaning tibbiy yordam guruhiga qo‘ng‘iroq qildi, soat 8:37 da FNQIZ tez tibbiy yordam mashinasida Farg‘ona kasalxonasining kuyish bo‘limiga yuborildi. Mashina qabul bo‘limiga 8:45 da yetib bordi. Hozirda bizning hamkasbimiz kasalxonada shifokorlar va uning FNQIZdagi hamkasblari nazorati ostida qolmoqda.

Albatta, bunday harakatlar muayyan sabablarsiz amalga oshirilmaydi. Bunday vaziyatda biz faqat umumiy faktlarni berish zarur deb hisoblaymiz, chunki zavod xodimlarning hayoti haqidagi tafsilotlarni oshkor qilishga haqli emas.

Sanobarxon Xaydarova (1975 y.t.) oilali, 4 nafar farzandi bor, Quva tumanida yashaydi. Guvohlar bilan muloqot natijasida, u o‘z joniga qasd qilishga moyilligi borligi va ishga qabul qilishdan oldin u yuqorida aytib o‘tilganlarga yaqin vaziyatlarda bir necha bor kuzatilgan, biroq unda tahdidlar og‘zaki xarakterga ega bo‘lgan, unda ham avvalgi ish beruvchilarga nisbatan munosabat bildirgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlariga batafsil ma’lumot yuborildi.

Sanobarxon Xaydarova «Neftchi» sport majmuasida ishlagandan so‘ng, FNQIZning 32-sonli sexi 1-ta’mirlash va qurilish uchastkasining 2-toifali malyari lavozimiga o‘tkazilgandi.

2022 yil aprel oyida 32 sexining bir qator xodimlaridan ushbu bo‘linma korxonani modernizatsiya qilish jarayonida faol ishtirok etganligi sababli korxonaning Ta’mirlash-qurilish mexanik boshqaruvida (TQMB) ishlashga o‘tish taklif qilindi. TQMBda ish sharoitlari hech bir parametr bo‘yicha FNQIZdan qolishmaydi, xususan, oylik maoshi, lavozim toifasi. Korxona rahbariyati 400 dan ortiq xodim ishlaydigan 32-sex personaliga aprel oyida ishni ko‘chirib o‘tkazish, sharoitlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan. Bu ishlarga 400 kishi guvohlik berishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligi hamda ichki tartib-qoidalarga muvofiq, ish beruvchi — xodimlarga, agar ular rozi bo‘lsalar, ikki oydan kechiktirmagan holda ishni ko‘chirib o‘tkazish haqida xabarnoma berishi shart. Shu kabi bildirishnomalar barcha xodimlarga, shu jumladan Sanobarxon Xaydarovaga ham berildi. Bu xabarnoma muddati 9 iyun kuni tugadi. Biroq, muddat tugagandan so‘ng, xodim bilan doimiy ravishda TQMBga o‘tishni aniqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi va zavod ma’muriyati tomonidan uni ishdan bo‘shatishga qaratilgan harakatlar bo‘lmagan.

1 avgust kuni ayollar kengashida Sanobarxon Xaydarova zavod rahbariyatiga oilaviy masalalarda yordam so‘rab murojaat qildi. Rahbariyat bilan suhbat chog‘ida oiladagi muayyan qiyinchiliklar ma’lum bo‘ldi. Rahbariyat tomonidan xodimga quyidagi pozitsiya yetkazildi: zavod qiyin hayotiy vaziyatda xodimni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 5 avgust kuni hamkasbimiz korxona direktori bilan korxona tomonidan ko‘rsatiladigan yordam parametrlarini muhokama qilish uchun uchrashuv belgilangandi.

Sanobarxon Xaydarova o‘z qo‘li bilan 1 avgust kuni TQMBga o‘tish bo‘yicha ariza yozgan. Shunday qilib, bir qator OAVlarning xodim ishdan bo‘shatilgani haqidagi da’volari yolg‘on xarakterga ega. Xodimning ushbu arizasiga asoslanib, uni TQMBga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarildi.

Hozirgi kunda zavod xodimi Farg‘onaning 8-sonli shifoxonasining kuyish bo‘limida bo‘lib, unga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Palatada zavoddan doimiy ravishda xodimlar, Sanobarxon Haydarovaning hamkasblari, shuningdek korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari bo‘lib turibdi. Zavod xodimni barcha zarur dori-darmonlar, shuningdek oziq-ovqat bilan ta’minlanib turibdi. Zavod xodimlari orasidan 12 kishi allaqachon jabrlanuvchi uchun qon topshirdi.

Biz yana bir bor ta’kidlamoqchimiz — bugungi kunda har qanday harakatlarga qaramay, Sanobarxan Xaydarova zavodimiz xodimi va hamkasbimiz hisoblanadi. Va biz tomondan, unga moddiy va ma’naviy jihatdan tiklanishda barcha zarur yordam va qo‘llab-quvvatlashlar ko‘rsatiladi".