Ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi hamda ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqlar ushbu joylar mulkdorlarining nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Bu O‘zbekiston prezidenti 4 avgustda imzolagan ko‘p kvartirali uylarni boshqarig tizimini yanada takomillashtirishga oid [PQ-346-son] qarorda qayd etilgan.

Bunda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun to‘lovlar joylar mulkdorlari yoki tegishli ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi tomonidan ikki yil davomida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.

Mazkur uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma ushbu uy joylashgan va unga tutash yer uchastkalariga, umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni joylarning mulkdorlari nomiga, keyinchalik realizatsiya qilinadigan turarjoylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan (noturar) joylarni esa buyurtmachi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Hokimiyatlarga 2024 yil 1 yanvarga qadar o‘z hududlaridagi ko‘p kvartirali uylar joylashgan va ularga tutash yer uchastkalarini umumiy foydalanish uchun (notijorat maqsadlarda) ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish yuzasidan qarorlar qabul qilish topshirig‘i berildi.