Prezident Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Bugungi mavzu 30 yildan beri keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratilgan», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Gap aholi hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan — davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish haqida borayapti», — dedi u.

Davlat boshqaruvi sohasida 118 ming kishi mehnat qilmoqda. 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar ulushi 61 foizga yetdi, ilgari bu ko‘rsatkich 37 foiz bo‘lgan.

O‘zgarishlarga qaramay, «hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q», — dedi prezident.

Prezident quyidagi misolni keltirdi: o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi yuzasidan 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushgan.

Shikoyatlarning aksariyati Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklari, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari faoliyati bilan bog‘liq.

Qobiliyatlarni aniqlash, kadrlar tayyorlash va ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni ta’minlaydigan yagona tizim mavjud bo‘lmagani uchun alohida rahbarlar o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni uddasidan chiqa olmayapti, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ta’kidlashicha, bilim va ko‘nikma yetarli bo‘lmagani uchun birinchi yarim yillikda 37 nafar tuman va shahar hokimi almashtirilgan.