O‘zbekistonda yaqin yillarda davlat qimmatli qog‘ozlarini jismoniy shaxslarga sotish bo‘yicha cheklov olib tashlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Senatning 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. 2019 yilda qariyb 600 mlrd so‘mlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari chiqarilgan bo‘lsa, 2020−2021 yillarda bu ko‘rsatkich 5 trln so‘mga yetdi. 2022 yilda 6 trln so‘mlik qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi kutilmoqda.

«Biz Markaziy bank bilan hamkorlikda nafaqat banklarni, balki boshqa investorlarni, jumladan, xorijiy investorlarni davlat g‘azna qog‘ozlariga jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, faqat yuridik shaxslarga emas, aholiga, ya’ni jismoniy shaxslarga ham obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Kelgusi yillar uchun shunday rejalarimiz bor», — dedi u.

Odilbek Isakovning ma’lum qilishicha, aholi uchun chiqarilgan davlat obligatsiyalarining foiz stavkalari yuridik shaxslarga mo‘ljallangan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan taxminan 3−4 foizga yuqori bo‘ladi. «Sababi shundaki, biz hech bo‘lmaganda banklardagi omonatlar stavkasi bo‘yicha (foiz) to‘lashimiz kerak… Rejalarimiz bor. Bu ichki qarz bozorini rivojlantirish, obligatsiyalar chiqarishni ko‘paytirishni nazarda tutuvchi davlat qarzini boshqarish strategiyasida ham hisobga olingan», — dedi vazir o‘rinbosari.

2019 yil oktabr oyi oxirida prezident Administratsiyasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va hozirda tugatilgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga bir oy muddatda davlat obligatsiyalarining ikkilamchi bozorini rivojlantirish (jismoniy shaxslarga davlat obligatsiyalarini sotishni ta’minlash) va milliy qonunchilikda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etishga qaratilgan «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash topshirig‘ini bergan edi.

2020 yil yanvar oyida MB bank depozitlari bo‘yicha yuqori stavkalarni hisobga olgan holda aholiga davlat obligatsiyalarini sotib olishga ruxsat berishga hali erta ekanini ma’lum qildi. Shundan so‘ng regulyator jismoniy shaxslar uchun davlat obligatsiyalarini sotib olishdan ko‘ra banklardagi depozitlarga mablag‘ qo‘yish foydaliroq ekanligiga ishonch bildirdi.

2022 yilning iyun oyida aholi uchun milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha stavkalar 2014 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi — 21%. Natijada fuqarolar omonatlarining umumiy hajmi oy davomida 10,6 foizga o‘sib, 49,13 trln so‘mga yetdi.