Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Bu mazkur masalaga 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi.

«Hozirgi tez o‘zgarayotgan dunyoda har kuni yangi muammolar va masalalar kelib chiqmoqda. Shunday ekan, har bir mutaxassis o‘z ustida ishlab, yangi bilimlarni egallab borishi kerak», — dedi prezident.

Shu paytgacha davlat xizmatchilarining atigi 20 foizi malaka oshirgan, bu — rahbarlar kesimida 1 foizga, o‘rinbosarlar bo‘yicha esa 5 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi. Malaka oshirganlarning 50 foizdan ortig‘i o‘qitish sifatidan norozi.

Bu borada tayanch muassasa bo‘lgan Davlat boshqaruvi akademiyasi eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida transformatsiya qilinadi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda prezident maslahatchisi Suma Chakrabarti videoaloqa orqali bu boradagi takliflarini bayon qildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda:

  • xorijiy hamkorlar va nufuzli o‘quv markazlari bilan birga qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va yil yakuniga qadar 5 ming nafar davlat xizmatchisini o‘qitish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda vazirliklar tizimidagi 110 ta malaka oshirish markazi faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, o‘qitish dasturlari va metodikalarini yangilash, ularga malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlaydi.

Ushbu yig‘ilishda prezident davlat xizmati sohasidagi muammolarni hal qilish 30 yilga qoldirilgan. «Hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, davlat xizmatiga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishini ma’lum qilgandi. Rahbarlikka nomzodlarni «mahalladan — respublikagacha» tamoyili asosida o‘stirish yo‘lga qo‘yiladi, eski «obyektivka»dan voz kechiladi. Xodimga bilim-tajribasi va ko‘rsatgan natijasiga qarab baho beriladi.