Kecha, 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi maktablarning birida yagona forma sotib olinishi shartligi bo‘yicha xabar tarqaldi. Go‘yoki unda bu uchun prokuratura xodimlari tilxat yozdirganligi bayon qilingan.

Bosh prokuratura mazkur xabarni o‘rganib chiqib, forma sotib olish bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan hech qanday tavsiya berilmagani va tilxat olinmaganini ma’lum qildi.

«Bu aslida bu maktab direktorining shaxsiy tashabbusi bo‘lgan, biroq jarayonga yolg‘ondan prokuraturani aralashtirgan. O‘rganish paytida maktab direktori rasman ogohlantirildi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etilishi, 2022 yil sentabr oyidan boshlab ota-onalar yagona maktab formasini xarid qilishga majburiy talab qo‘yilmasligini aytgandi.