Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan davlat oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlarning onlayn hujjat topshirish jarayonida chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi 56 ta qalbaki milliy va xalqaro sertifikatlar aniqlandi. Bu haqda seshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatning mavjudligi abituriyentni imtihon topshirishdan ozod qiladi va unga shu fandan maksimall ball beradi.

Bu yil hammasi bo‘lib 29 mingdan ortiq sertifikat yuklangan. Ularning tekshiruvi natijasiga ko‘ra, 955 ta sertifikat talablarga javob bermaydi — ularning aksariyati chet tili sertifikati emas, 56 ta sertifikat esa soxta bo‘lib chiqdi. Ularning: 44 tasi — IELTS, 9 tasi — milliy, ikkitasi — HSK, bittasi — TOEFL iBT sertifikatidir. Mazkur ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Tasdiqlangan sertifikatlar soni 28116 tani tashkil etdi, bu 2021 yilga (10648) nisbatan 17468 ta yoki 2,6 barobar ko‘pdir. Ma’lumot uchun, bu yil respublika bo‘yicha jami 84 ta davlat OTM hamda ularning hududlardagi 30 ta filial va fakultetlariga kirish uchun 1 mln 146 ming 744 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.