Oliy Majlis Senatining 29-yalpi majlisi 4 avgust kuni chaqiriladi. Senat matbuot xizmati yalpi majlis ikki kun davom etishi hamda onlayn efirga uzatilishini ma’lum qildi.

Unda quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi:

  • «O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi,
  • «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi,
  • «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi,
  • «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206−1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi;
  • «Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi;
  • «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi.

Bundan tashqari, 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining I yarim yilligi yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.

Senatorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasini hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlari bo‘yicha ma’ruzasini muhokama qiladi.

Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.

Qolaversa, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risida axborot beradi.

Shuningdek, yalpi majlisda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan, deyiladi xabarda.