AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechga yaqin rasmiy Xitoy o‘z hududi deb hisoblaydigan Tayvanga uchib keldi.

Samolyotlar harakatini kuzatib boruvchi FlightRadar24 xizmati orqali uning safarini 3 mln ga yaqin foydalanuvchi onlayn tomosha qildi.

Bunday qiziqish XXRning avvalroq Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi «Tayvan bo‘g‘ozi hududidagi tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid hamda Xitoy-Amerika munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadigan Xitoyning ichki ishlariga qo‘pol aralashish, XXR suvereniteti va hududiy yaxlitligini jiddiy buzish, yagona Xitoy tamoyilining betakalluf poymol qilinishi bo‘lishini hamda juda jiddiy voqealar va og‘ir oqibatlarga olib kelishini» ma’lum qilgani bilan bog‘liq.

Sinxua axborot agentligining xabar berishicha, Xitoy tomoni tashrif oldidan AQShni XXR yuqori shay holatda ekanligi hamda armiya «hech qanday holatda befarq kuzatuvchi bo‘lib qolmasligi, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya uchun qat’iy va ta’sirchan qarshi choralar ko‘rishi» haqida ogohlantirgan.

«Qo‘shma Shtatlar yagona Xitoy tamoyili hamda uchta qo‘shma Xitoy va AQSh kommunikelari qoidalariga qat’iy rioya qilishi, AQSh prezidenti Jozef Baydenning „Tayvan mustaqilligi“ tarafdori bo‘lgan kuchlarni Qo‘shma Shtatlar qo‘llab-quvvatlamasligi haqidagi va’dasini bajarishi kerak», — deya ma’lum qildi Xitoy TIV rasmiy vakili Chjao Litszyan.

AQSh Kongressi delegatsiyasi Tayvan aeroportida. Foto: Nancy Pelosi / Twitter

Tayvanga kelgach, Nensi Pelosi «Kongress delegatsiyasining Tayvanga tashrifi Amerika Tayvanning jonli demokratiyasini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ko‘rsatadi», deb bayonot berdi.

«Bizning tashrifimiz Hind-Tinch okeani mintaqasiga, jumladan Singapur, Malayziya, Janubiy Koreya va Yaponiyaga safarning bir qismi bo‘lib, o‘zaro xavfsizlik, iqtisodiy sheriklik va demokratik boshqaruvga qaratilgan», — deyiladi bayonotda.

«Tayvan rahbariyati bilan muzokaralarimiz hamkorimizni qo‘llab-quvvatlashni tasdiqlash va umumiy manfaatlarni, jumladan, erkin va ochiq Hind-Tinch okeanini rivojlantirishga qaratilgan. Amerikaning Tayvanning 23 mln aholisi bilan birdamligi bugun har qachongidan ham muhimroq, chunki dunyo avtokratiya va demokratiya o‘rtasida tanlov oldida turibdi», dedi Nensi Pelosi.

«Tashrif […] 1979 yildagi Tayvan munosabatlari to‘g‘risidagi qonun, AQSh-Xitoy qo‘shma kommyunikesi va oltita kafolatga asoslangan Qo‘shma Shtatlarning uzoq yillik siyosatiga hech qanday zid kelmaydi. Qo‘shma Shtatlar vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha bir tomonlama harakatlarga qarshi turishda davom etmoqda», — deyiladi bayonotda.

Amerikalik siyosatchi kelganidan keyin XXR TIV ham bayonot berdi, deya xabar beradi Sinxua.

«Bu yagona Xitoy tamoyili va uchta Xitoy-AQSh qo‘shma kommyunikelari qoidalarini jiddiy buzish, Xitoy-AQSh munosabatlarining siyosiy poydevoriga jiddiy putur yetkazish, Xitoy suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzishdir. Tayvan bo‘g‘ozi hududida tinchlik va barqarorlikka zarar yetkazish, „Tayvan mustaqilligi“ deb ataluvchi uchun kurash olib borayotgan separatist kuchlarga mutlaqo noto‘g‘ri signal yuboradi», — deb ta’kidladi Tashqi ishlar vazirligi.

Xitoy ushbu tashrifni keskin qoraladi va Amerika tomoniga keskin norozilik bildirdi. «Dunyoda faqat bitta Xitoy bor, Tayvan esa Xitoy hududining ajralmas qismidir», — deyiladi bayonotda.

Uning yakuniy qismida Xitoy Vashingtondan Amerika rahbariyatining «yangi sovuq urush boshlashga intilmaslik, Xitoyning davlat tizimini o‘zgartirishga urinmaslik, ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash orqali Xitoyga qarshilik qilmaslik, „Tayvan mustaqilligini“ qo‘llab-quvvatlamaslik, Xitoy bilan ziddiyatga kirishmaslik» haqidagi va’dasini amalda bajarishni talab qiladi. «AQSh noto‘g‘ri va xavfli yo‘ldan uzoqqa bormasligi kerak», deb xulosa qildi Xitoy TIV.

Xitoy Mudofaa vazirligi, Sinxuaning yozishicha, o‘z navbatida, mamlakat armiyasi yuqori shay holatda ekanligini va bir qator maqsadli harbiy harakatlarni amalga oshirishini, Xitoyning hududiy yaxlitligini himoya qilishini hamda «Tayvan mustaqilligi»ni targ‘ib qiluvchi separatistik kuchlarning urinishlarini to‘xtatishini ma’lum qildi.

Nensi Pelosi kelganidan ko‘p o‘tmay, Xitoy armiyasi 4−7 avgust kunlari dengiz hududlari va ularning Tayvan atrofidagi havo kengliklarida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi, jumladan, jangovar o‘q otishini e’lon qildi.

Manba: Sinxua

Bir vaqtning o‘zida, AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Tayvan prezidenti Say Inven bilan uchrashdi. Amerikalik siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari muhokama qilingan. Ular orasida uchta asosiy yo‘nalish — xavfsizlik, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi.

«Xavfsizlik: Kuchli munosabatlarga egamiz va biz uni qanday qilib yanada mustahkam va dolzarbroq qilishimiz mumkinligini muhokama qildik. Iqtisodiyot: Biz, ehtimol tez orada imzolanishi mumkin bo‘lgan savdo bitimi haqida gaplashdik. Davlat boshqaruvi: Boshqa narsalar qatori, men Tayvanga COVID-19 ga qarshi kurashda ko‘rsatgan yetakchiligingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ehtimol, emlashning eng yuqori ko‘rsatkichlaridan biri va koviddan o‘limning eng kam soni [shu yerda], . Dunyo uchun haqiqiy model. Ilm-fan haqida, jamiyat tomonidan reja qabul qilinishi haqida ham gap ketmoqda. Bu yetakchilik deb ham ataladi. Shunday ekan, barchamiz uchun ushbu saboq uchun rahmat», dedi Nensi Pelosi.

Tayvan prezidenti Say Inven Vashington-Taypey munosabatlarini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Nensi Pelosiga faxriy «Xayrli bulutlar ordeni» topshirdi.

Foto: Tsai Ing-wen / Twitter

«Spiker Pelosi Tayvanning eng sodiq do‘stlaridan biri bo‘lib qolmoqda va bu yerda hozir bo‘lgan Vakillar palatasining barcha a’zolari Vashington va Taypey o‘rtasidagi munosabatlarda barcha sohalarda taraqqiyotni rag‘batlantirish uchun faol harakat qildilar. Tayvanga tashrifingiz uchun samimiy minnatdormiz, bu esa AQSh Kongressi orolni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda», — deya Say Inven so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Say Inven Nensi Pelosining orol bilan uzoq muddatli aloqalari borligini, u 1999 yil oktabr oyida kuchli zilziladan keyin Tayvanga tashrif buyurganini va so‘nggi o‘n yilliklarda orolning demokratik rivojlanishiga alohida e’tibor qaratganini ta’kidladi.

«Men uzoq vaqt davomida demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha kuchli chempion bo‘lgan spiker Pelosiga qoyil qolaman… „Xayrli bulutlar“ ordeni spiker Pelosiga bo‘lgan minnatdorchiligimizni namoyish etadi, shuningdek, bizning yanada ko‘proq hamkorlik orqali Tayvantva AQSh aloqalarida taraqqiyotga erishishni davom ettirish istagimizni bildiradi», — dedi Say Inven.