2022 yilning o‘tgan davrida chet el valyutasining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 245 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi. Tekshiruvlar natijasida 167 ta jinoyat, 78 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Huquqbuzarlardan 433,2 ming dollar, 1,1 mln rubl, 702,2 ming qozoq tengesi va 1,2 mlrd so‘m ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Qalbaki pul yasash va o‘tkazish bilan bog‘liq 23 ta jinoyat fosh etilib, 135 mln so‘mlik hamda 53,2 ming dollarlik qalbaki banknotlar erkin muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Shuningdek, qimmatbaho metallar va tabiiy qimmatbaho toshlarni qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq 8 ta jinoyat fosh etilib, huquqbuzarlardan 730,2 mln so‘mlik 4,6 kg qimmatbaho metallar va tabiiy qimmatbaho toshlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

«2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada 1638 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 3970 tani, shundan valyuta ayirboshlash bankomatlari soni — 1880 tani tashkil etmoqda. Joriy yilning o‘tgan 6 oyida respublikada 251 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi va 343 ta valyuta ayirboshlash bankomati ishga tushirildi. Bundan tashqari, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida xorijiy valyutani bank plastik kartalari hamda bank mobil ilovalari orqali ham konvertatsiya qilish imkoniyatlari yaratildi», — deb eslatdi Departament.