Ijtimoiy tarmoqlarda prokuratura Toshkentdagi maktablardan biridan maktab formasi sotib olish uchun tilxat yozdirib olayotgani haqida xabar tarqaldi.

Twitter`dagi «Vatanparvar» foydalanuvchisi e’lon qilgan yozishmalar skrinshotida ota-onalarga murojaatni aks etgan. Unda prokuratura barcha 100 foiz forma sotib olishi shartligi haqida tilxat olib ketgani yozilgan. Xabarda, shuningdek, ota-onalar boshqa forma olib, keyin qiynalib qolishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov Toshkent prokuraturasi tomonidan ma’lumotlar tekshirilayotgani haqida ma’lum qildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi majburiy bo‘lishi kerak edi. Biroq 27 iyul kuni halq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov forma 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etilishini ma’lum qildi. Biroq, ota-onalarning xabar berishicha, ayrim maktablarda maktab formasi majburiy bo‘lishini aytishgan. Ba’zi ota-onalar allaqachon yangi forma sotib olishgan.

XTV matbuot kotibi Laylo Rustamovaning aytishicha, maktab ma’muriyati va o‘qituvchilari yagona maktab formasini targ‘ib qilishlari mumkin. Ammo, agar o‘quvchilar ushbu formani kiymasalar, ularning darslarga borishiga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi.