28 iyul kuni jurnalist Xurshid Daliyevning Telegram-kanalida «O‘qituvchi mardikormi?» sarlavhali surat e’lon qilindi. Surat tagida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 51-maktab o‘qituvchilari ta’til vaqtida maktab hududini tozalashayotgani aytiladi.

«E’tiroz bildirgan o‘qituvchilar haqorat qilinib, maktabdan yo‘qol qabilida munosabat bildirilgan. Prezident, ta’lim vazirligi o‘qituvchilar obro‘si haqida bot-bot gapirishganiga qaramasdan, tuman hokimligi va direktorlar shu usulda byurokratik tizim bilan o‘qituvchilarni ma’naviy ezishmoqda», — deb yozdi muallif.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirdi. Xabarda qayd etilishicha, hodisa tafsilotlari Namangan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, To‘raqo‘rg‘on tuman XTBga qarashli 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori 2022 yil iyun va iyul oyilarida 10dan ortiq maktab o‘qituvchilari va boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitib, ularni maktab hududida obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilgani aniqlangan.

Maktab direktori O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan (15 mln so‘m) jarimaga tortilgan.