AQSh prezidenti Jo Bayden «Al-Qoida» terrorchilik tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriy Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondagi aksilterror operatsiyasi chog‘ida o‘ldirilganini e’lon qildi. Uning nutqi Oq uy saytida e’lon qilingan.

AQSh rahbarining so‘zlariga ko‘ra, al-Zavohiriy o‘tgan shanba, 30 iyul kuni Kobulda havo hujumi natijasida yo‘q qilingan.

«Az-Zavohiriy bin Lodinning odami edi. U 11 sentabr teraktlari paytida «Al-Qoida»ning ikkinchi qo‘mondoni edi. U 11 sentabr teraktlarini rejalashtirishda faol ishtirok etgan va AQSh hududida 2977 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar uchun javobgar bo‘lgan», — deya qayd etdi Jo Bayden.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida az-Zavohiriy amerikaliklarga qarshi hujumlar, jumladan, 2000 yilda 17 amerikalik dengizchining o‘limiga sabab bo‘lgan «Koul» samolyot tashuvchisining portlashi, Keniya va Tanzaniyadagi AQSh elchixonalarida 224 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan portlashlar ortida turgan.

«AQSh 11 yil oldin bin Lodindan qasos olganidan beri „Al-Qoida“ yetakchisi az-Zavohiriy edi. U yashirinib, butun dunyo bo‘ylab „Al-Qoida“ bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirgan, jumladan, ustuvor vazifalarni belgilagan va operativ boshqaruvni ta’minlagan», — dedi AQSh rahbari.

Shuningdek, u terrorchilik tashkiloti yetakchisini yo‘q qilish bo‘yicha aksilterror operatsiyasining tayyorgarliklari haqida gapirdi.

«Bizning razvedka Zavohiriyni shu yil boshida topdi. U o‘zining yaqin qarindoshlari bilan qayta birlashish uchun Kobul markaziga ko‘chib o‘tdi. Ushbu missiya puxta rejalashtirilgan va boshqa tinch aholiga zarar yetkazish xavfini qat’iy ravishda minimallashtirgan. Uning oila a’zolaridan hech kim jabrlanmadi, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q», — deya ta’kidladi Jo Bayden.

Uning qo‘shimcha qilishicha, u ushbu yangilik bilan missiyaning to‘liq muvaffaqiyatli yakunlangani tasdiqlangachgina o‘rtoqlashmoqda.

«Mening administratsiyam „Al-Qoida“ tahdidlarini, qayerdan kelgan bo‘lishidan qat’i nazar, hushyorlik bilan kuzatishda va bartaraf etishda davom etadi», — deya ishontirdi AQSh prezidenti.