Mazkur hafta davomida kuchli issiq kutilmaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Dushanba, 1 avgust kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyatining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Havo harorati kunning ikkinchi yarmida +34…+37 darajagacha ko‘tariladi.

2 avgust seshanba kuni Samarqand, Jizzax viloyatlari va respublika tog‘ oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

1−2 avgustda janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Hafta o‘rtasidan O‘zbekiston hududining katta qismida havo ochiq bo‘ladi, faqat respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Havo harorati biroz ko‘tariladi va kunduz kunlari harorat +34…+39, kechasi +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zgidromet 1 avgustda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshkin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligini ma’lum qildi.