Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Gaistontepa» arxeologik yodgorligi vayron bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Madaniy meros agentligi matbuot xizmatlari xabar berdi.

Idoralarning ma’lum qilishicha, Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan moddiy madaniy meros obyekti hududi uy-joy qurish uchun noqonuniy ravishda ajratilgan.

Shuningdek, tuman kadastr va qurilish bo‘limi rahbarlari tomonidan qonun talablarini buzgan holda, obyekt hujjatlari oid hujjatlar tuman kadastr va qurilish bo‘limi boshliqlari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda yer uchastkalarini berish masalasini ko‘rib chiquvchi komissiyaga taqdim etilib, obyekt noqonuniy ravishda fuqarolarga dala hovli qurish uchun ajratilgan.

Oqibatda, «Gaistontepa» arxeologiya yodgorligi 2020−2021 yillar davomida fuqaro Z.M. tomonidan buzib tashlanib, o‘rniga uy-joy qurilgani natijasida tarixiy obyektga 80 mlrd. so‘m jiddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205-moddalari (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.