Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyul kuni nishonlanadigan Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi globallashuv davrida jahonda murosasiz raqobat, qurolli to‘qnashuvlar, mafkuraviy nizolar, aholi, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun kurashlar, terrorizm, ekstremizm, separatizm, odam savdosi kabi tahdidlar ayovsiz tus olmoqda.

«Iqtisodiy inqiroz, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi natijasida turli xavf-xatarlar tobora kuchayib, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, rahm-shafqat, mehr-oqibat kabi muqaddas qadriyatlarga rahna solayotgani, tabiiyki, barchamizni tashvishga soladi. Mana shunday murakkab zamonda doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, bebaho boyligimiz bo‘lmish barqarorlikni saqlash, jamiyatimizda ko‘pmillatli katta yagona oila tuyg‘usini kuchaytirish qanchalik muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganiga hammamiz guvohmiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash vazifasi ustuvor maqsad sifatida belgilanganini qayd etdi.

«Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz — O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning — shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining o‘tmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulug‘ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir. Mana shu ezgu niyat yo‘lida halol mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz O‘zbekistonda o‘zining baxtu saodatini albatta topadi. Buning uchun davlatimiz, jamiyatimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi», — deya ta’kidladi u.

Prezident Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir qator faollarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.