O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilayotgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar yakunlandi. Asosiy hujjat imzolanishi arafasida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian “Gazeta.uz"ga bergan katta intervyusida yangi kelishuvning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy hamkorlik uchun odamlar o‘rtasidagi muloqotning ahamiyati hamda prezident Shavkat Mirziyoyev maslahatlari haqida gapirdi. Shuningdek, u islohotlar, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va shahar uchun yashil transport zarurligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Suhbat 13 iyul kuni bo‘lib o‘tgan. Matn talqini qisqartirilgan.

Video (ingliz tilida)

— Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qildi. Yangi kelishuv doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan qaysi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi?

— Bu biz uchun muhim voqea. Bu faqatgina hujjatlarning tasdiqlanishi (ya'ni rasmiy ravishda tasdiqlangunga qadar xalqaro shartnomaga ism va familiyaning bosh harflarini qo‘yib, oldindan rozilik bildirildi), lekin bu nafaqat muzokarachilarning ikki jamoasi o‘rtasidagi, balki sahna ortidagi ko‘plab odamlar tomonidan uch yildan ortiq davom etgan muzokaralarning yakunidir. Biz 10 raundlik muzokaralar o‘tkazdik, bu kelishuv qanday bo‘lishini muhokama qilish uchun 150 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazdik.

Hozir bizda 1996 yildan beri amalda bo‘lgan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim mavjud. U 20 yildan ortiq vaqt davomida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosi bo‘lib kelgan. Ushbu shartnomada hech qanday cheklovlar yo‘q edi. Ammo 2018 yilda Yevropa Ittifoqi ham, O‘zbekiston ham sheriklikni kengaytirish, munosabatlarni chuqurlashtirish va aloqalarni mustahkamlashni xohladi.

Yangi kelishuv beshta asosiy banddan iborat. Birinchisi — siyosiy islohotlar to‘g‘risida. Gap demokratiya, umumiy va alohida qadriyatlar, inson huquqlari haqida bormoqda. Insoniy o‘lchovga katta e’tibor beriladi. Tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati, adolat va erkinlik masalalari ham alohida ta’kidlangan. Ustida birgalikda ishlashimiz mumkin bo‘lgan migratsiya masalalari ham bor. Shuningdek, biz savdo-sotiq uchun normativ-huquqiy bazani mustahkamlash ustida ham ishlaymiz.

Va oxirgi, biroq muhim yangilik — biz hamkorlikda ishlaydigan yangi sektorlarni kiritdik: transport, energetika, iste’mol siyosati va bular juda muhim. Biz bu sohalarda aloqalarni mustahkamlab, hamkorligimizni kuchaytirishimiz mumkin. Bu ham tajriba, kompetensiyalar va nou-xau almashinuvini yaxshilaydi.

Shartnomani yangilashimizning sababi o‘rtamizdagi ishonch mustahkamlangani bilan bog‘liq. Muzokaralar boshlangan 2018 yilda biz kelishuvni yangilamoqchi edik, chunki vaziyat 1996 yildagidek emas edi. Hozir islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Mirziyoyev olg‘a intilish, ishonchli munosabatlar o‘rnatish istagi borligini ko‘rsatdi. Ushbu kelishuv investorlar va O‘zbekistonga ko‘z tikayotgan odamlarda ishonch uyg‘otadigan asosni yaratadi. Bu islohotlarni ilgari surish va qo‘llab-quvvatlash uchun asosdir.

— Yangi kelishuv Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga rivojlanish maqsadlariga ko‘rsatayotgan rasmiy yordamga qanday ta’sir qiladi?

— Bizda allaqachon yangi rivojlanish dasturi mavjud. U Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tamoyillari va me’yorlariga to‘liq mos keladi. Bizda muayyan sohalarda hamkorlikda ishlash istagi shakllandi. O‘tgan yilning oxirida biz ko‘p yillik indikativ dastur qabul qildik. Oxirgi ikki-uch yil davomida biz O‘zbekiston bilan yaqin yetti yilda nimalarga e’tibor qaratishimizni muhokama qildik.

Hozir biz O‘zbekiston hukumati biz bilan hamkorlik qilishni istagan ayrim islohotlarni amalga oshirishda sarmoya kiritmoqdamiz va uni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Asosiy ustuvor yo‘nalishlar — samarali boshqaruv, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va hukumatning yashil o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Mamlakat uchun muhim tarmoqlardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida ham faoliyatimizni davom ettiramiz. Ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi, O‘zbekiston qishloq aholisi hali ham 50 foizni tashkil qiladi. O‘sishning katta qismi aynan shu yerdan kelib chiqadi. Avvallari qishloq xo‘jaligi Yevropa Ittifoqi faol bo‘lgan asosiy tarmoq edi. Ammo hozir prezident Mirziyoyev va hukumat qator islohotlarni amalga oshirish istagini bildirganidan so‘ng, biz bu yo‘nalishdagi hamkorligimizni yanada kengaytirishga qaror qildik. Bu O‘zbekistonning ham, Yevropa Ittifoqining ham ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi biz uchun muhim.

Yevropa Ittifoqining “Yashil kurs” strategiyasi mavjud bo‘lib, u O‘zbekiston hukumatining “yashil” strategiyasiga to‘g‘ri keladi, shunday ekan, tajriba almashishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin. Bizdan faqat shu haqida so‘rashadi: ushbu sohada maxsus bilim, kompetensiya olib kelish.

Shuningdek, bizdan korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi bilimlarimiz bilan o‘rtoqlashishimizni so‘rashdi. Bu yo‘nalishda ham ishlamoqchimiz, chunki agar mamlakat rivojini istasangiz, hech kim ortda qolmasligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, taraqqiyot jarayoni inklyuziv va barqaror bo‘lishiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Shuning uchun biz yashil rivojlanish va yaxshi boshqaruv ustida ishlamoqchimiz. Bizning ustuvor vazifalarimiz, shuningdek, ish o‘rinlari yaratish, gender masalalarini ham o‘z ichiga oladi, chunki biz umumiy maqsadlarga egamiz.

YeI tashqi ko‘rinishida yagona tuzilmaga o‘xshaydi, lekin aslida u 27 a’zo davlatdan iborat. Ko‘pgina siyosatlarimiz uchun umumiy asosga egamiz, lekin bizda 27 xil davlatdan boy tajriba va turli imkoniyatlar mavjud. Biz ham bu tajribadan foydalanishga intilamiz.

Masalan, prezident Mirziyoyev kasb-hunar ta’limi sohasini rivojlantirishdan juda manfaatdor. Bu, ayniqsa, har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgan hozirgi paytda juda muhim. Siz ish o‘rinlarini yaratishingiz kerak, lekin o‘zingiz ham to‘g‘ri ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz lozim. Bizda turli tizimlarni ko‘rib chiqadigan hamda ko‘nikmalar yaxshi rivojlangani va mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelishiga qanday ishonch hosil qilishni ko‘rib chiqadigan Yevropa ta’lim jamg‘armasi mavjud. Hukumatdan vakolatlar yoki bilimlar bo‘yicha so‘rovlar bo‘lsa, biz eng yaxshi variantni topishga harakat qilamiz.

Shuningdek, biz BMT agentliklari, Jahon banki kabi hamkor tashkilotlar bilan yangi ish o‘rinlari yaratish, yashil rivojlanish va barqaror rivojlanish bo‘yicha ko‘p ishlaymiz. Masalan, hozirda Yevropa investitsiya banki va Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) bilan hamkorlikda Orol dengizida daraxt ekishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Hukumat bilan birgalikda biz qanday yechimlar topish mumkinligini va bu ofat oqibatlarini bartaraf etishda qanday yordam berishni o‘rganmoqdamiz. Shuningdek, sug‘orish imkoniyatlarini o‘rganib chiqamiz va Orol dengizi fojiasi ta’siridan yillar davomida buni amalga oshira olmagan joylarda yashovchi xonadonlarga yordam berish uchun qishloq xo‘jaligini qanday tiklash mumkinligini ko‘rishimiz mumkin.

— O‘zbekiston Markaziy Osiyo va postsovet hududidagi boshqa ko‘plab davlatlar qatori Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar oqibatlariga duch kelmoqda. Yangi kelishuvda sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatda qandaydir yordam ko‘zda tutilganmi va umuman, O‘zbekiston bu borada YeIdan qanday yordam kutishi mumkin?

— Ijozat bersangiz, ushbu masala bo‘yicha pozitsiyamizga biroz oydinlik kiritaman.

Bugun vujudga kelganvaziyat sanksiyalar oqibati emas. Ko‘pgina davlatlar tushib qolgan og‘ir vaziyat sanksiyalar tufayli yuzaga kelgani yo‘q. Urush davom etmoqda va bir davlat hududi yaxlitligiga tajovuz qilingan. Xalqaro qoidalar va ko‘p tomonlama tizim buzilgan. Ukraina yaxlitligiga tahdid bor, lekin u Yevropaga, dunyoga, balki O‘zbekistonga ham xavf tug‘diradi, chunki qoidalar buzildi.

Bugun narxlar o‘zgarishi, dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar nuqtai nazaridan biz ko‘rayotgan oqibatlar sanksiyalar bilan bog‘liq emas. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq. Buning aniq bo‘lishi men uchun juda muhim.

Sanksiyalar strukturaviy xususiyatga ega. Siz ularni kirita olmaysiz va keyin ularni qayta bekor qila olmaysiz, chunki ularning mavjudligi uchun sabab bor.

Sanksiyalar O‘zbekistonga qarshi joriy etilmadi, ular butun Rossiyaga qarshi emas. Ular Rossiya qishloq xo‘jaligi sohasiga qarshi emas. Ular Rossiya rejimiga, Putin atrofidagi odamlarga va Putinning o‘ziga qarshi. Ular urush olib borayotganlarga qarshi. Va bu haqiqatan ham muhim: biz Rossiya yoki boshqa mamlakatlar fuqarolariga ta’sir qilmoqchi emasmiz. Biz bu urushni to‘xtatish yo‘lini izlayapmiz.

Buning uchun nima qilyapmiz? Bu ko‘plab mamlakatlar uchun inqiroz. So‘nggi yillarda bizda COVID, moliyaviy inqiroz hamda ko‘plab muammolar bo‘ldi, biz hech qachon hech qanday mamlakatni xafa qilmadik va har safar yordam berdik. Hozir Ukrainadagi urushdan jabrlangan mamlakatlarga ham yordam ko‘rsatyapmiz.

Biz birinchi navbatda mamlakatlarga sanksiyalar nimadan iboratligi haqida ma’lumot beramiz. Bryusselda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda biz sanksiyalar nima ekanligini tushuntirdik, chunki sanksiyalar nima ekanligini bilmasangiz, ularni chetlab o‘tish imkoniyati bor. O‘zbekiston hukumatidagi hamkorlarimiz bizga sanksiyalarni chetlab o‘tish niyati yo‘qligini aytishdi. Bu juda muhim.

Biz tushunamiz, xususan, O‘zbekiston uchun vaziyat og‘ir, chunki Rossiyaga qaramlik bor: eksport va import, yo‘nalishlar, migrantlar bo‘yicha. Biz buni to‘liq tushunamiz. Va biz qo‘llab-quvvatlashni, muqobillarni topishga qanday yordam berishimizni ko‘rishni xohlaymiz. Rivojlanish bo‘yicha hamkorlik dasturlari, ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishga yordam berish va qo‘llab-quvvatlash uchun ba’zi dasturlarimizni o‘zgartirish, eksportning boshqa yo‘llarini topishga yordam beradigan GSP+ misolidir. Bryusseldagi jamoamiz butun dunyo hukumatlariga maslahat bermoqda.

O‘zbekiston Rossiya yo‘nalishlariga qaram — mahsulotlar Rossiya orqali eksport qilinadi. O‘zbekiston muqobil yo‘llarni qidirayotganini bilamiz. Bunday muqobillardan biri Yevropa bo‘lishi mumkin.

Bizda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YeI — Markaziy Osiyo aloqalari bo‘yicha konferensiya ham bor. Bu muqobil variantlarni yaratish nuqtai nazaridan ham muhim voqea. Raqamlashtirish sohasida, atrof-muhit, suv va energiyaning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha imkoniyatlar mavjud. Biz muammolardan xabardormiz. Savol shundaki, biz birgalikda yechim topib, imkoniyatlarimizni ocholamizmi?

— O‘zbekiston GSP+ preferensiya tizimidan benefitsiar (manfaatdor) hisoblanadi, bu esa savdo hajmining oshishiga olib keldi. Xususan, so‘nggi bir yilda O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmi 86 foizga o‘sdi. GSP+ doirasida ham hukumatlar, ham biznes uchun talablar mavjud: inson va mehnat huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimni muhofaza qilish va samarali boshqaruv bo‘yicha 27 ta asosiy xalqaro konvensiyani amalga oshirish. Sizningcha, qaysi sohalarni yaxshilash kerak?

— GSP+ Yevropaga jami 6200 ta mahsulotni hech qanday soliqlarsiz eksport qilish imkonini beradi. Savdo tizimida ko‘plab muammolar mavjud bo‘lgan bugungi kunda bu imkoniyat yanada muhimroq, deb o‘ylayman. Adashmasam, hozir Yevropaga eksport hajmi 430 mln yevrodan oshdi, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 200 mln ga yetmadi. Tovar aylanmasini oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligini bilamiz. GSP+ tizimini kengaytirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilish mumkinligini ko‘rib turibmiz, chunki undan to‘liq foydalanilmayapti. Buni qanday qilishimiz mumkin?

Bu yo‘nalishlardan biri bu xabardorlikni oshirishdir, chunki eksportchilar imtiyozlar tizimi haqida ko‘p narsa bilishmaydi. Men yuk mashinalari Yevropa chegaralarida GSP+ bo‘yicha ekanliklarini aytmasdan, noo‘rin joylarda soliq to‘laganlarini eshitganman. Shu bois barchamiz hukumat, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlashimiz kerak. Biz GSP+ tizimi haqida muloqot qilish yo‘llarini topishimiz va uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilishiga ishonch hosil qilishimiz kerak.

Yevropa juda katta bozor. Quritilgan mevalar, g‘alla, turli to‘qimachilik mahsulotlariga xaridorlar ko‘p, talab katta. Ammo bu juda talabchan bozor. Rioya etilishi kerak bo‘lgan standartlar mavjud. Chunki fitosanitariya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, pestitsidlar ko‘p bo‘lsa, tovarlar qaytarib yuboriladi. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda eksport qilinayotgan mahsulotlar standartlarga mos kelishini ta’minlash ustida ishlayapmiz.

Ba’zan odamlar ularni to‘siqlar deb hisoblashadi. Yo‘q, bu biz yevropalik iste’molchilar uchun taqdim etadigan standartlardir. Mahsulotlar qayerda sotilishidan — Yevropadami yoki O‘zbekistonda — qat’i nazar, odamlar uchun xavfsiz va foydali bo‘lishi muhim. Bu nafaqat yevropalik iste’molchilar, balki o‘zbekistonliklar uchun ham muhim. Fermerlar standartlardan xabardor bo‘lishlari kerak.

GSP+ — bu bozorlarga bepul, soliqlarsiz kirishingiz mumkin bo‘lgan tizim. Lekin bu mehnat, atrof-muhit, inson huquqlari, siyosiy, iqtisodiy, madaniy huquqlar va hokazolar bo‘yicha 27 ta konvensiyani hayotga tatbiq etish uchun ham rag‘batdir. O‘tgan yilning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilgani bo‘ldi. YeI monitoringni ta’minlash uchun ko‘plab hamkorlar va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qildi. Kelajakda to‘qimachilik eksportini oshirish nuqtai nazaridan ham yevropalik xaridorlar uchun juda muhim.

Yevropa bozori xaridorlar bilan to‘la, lekin ular sifat jihatidan ham, mahsulot qayerdan kelib chiqishi bo‘yicha ham juda talabchan: kim ishlaydi, odamlarning mehnat sharoitlari qanday. Gap shunchaki biror narsani jo‘natishda emas, balki mahsulot sifati va uni qanday ishlab chiqarilganligi haqida. Ishonchim komilki, hozir amalga oshirilayotgan barcha islohotlar tufayli yaxshi imkoniyatlar ochiladi.

— Yevropa Ittifoqining mintaqa bilan muloqotga bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri, bu — Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan uchrashuvlardir. Masalan, noyabr oyida Samarqandda “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” konferensiyasi bo‘lib o‘tishini aytib o‘tdingiz. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda yordam beradimi?

— Biz bu borada bir necha yildan beri ishlayapmiz. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi nafaqat rishtalarimizga, balki mintaqa barqarorligi va farovonligiga ham qaraydi. Prezident Mirziyoyevning yangi tashqi siyosati bilan O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik va tinchlikni saqlashga e’tibor qaratdi. Mintaqaviy hamkorlikni davom ettirish va chuqurlashtirishga bo‘lgan tayyorlik aynan mana shu yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Biz uzoq vaqtdan beri mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mintaqaviy dasturlar bilan ishlayapmiz. Bizda Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga yordam dasturi (BOMCA) bor edi. Markaziy Osiyoda giyohvandlikka qarshi kurash dasturi ham mavjud. Bunday dasturlar chegara hududlaridagi aholini hamkorlikka undaydi. Ular chegaralarni dinamik qiladi, odamlarga chegaralarni kesib o‘tishga imkon beradi va shu bilan odamlar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatadi.

Biz Yevropada aynan shunday qildik. Biz davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun xalqlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatdik. Bu Ikkinchi jahon urushi paytida o‘zaro urush holatida bo‘lgan Fransiya va Germaniya, Belgiya va Lyuksemburg o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish orqali amalga oshirildi. Keyin esa biz transchegaraviy hamkorlik ustida ishlay boshladik. Keyin u tobora ko‘proq rivojlanib, bugungi kunda mavjud bo‘lgan narsaga aylandi: ko‘proq hamkorlik va chuqurroq integratsiyaga ega bo‘lgan kattaroq tuzilma.

O‘tgan yili O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Biz buni YeI-Markaziy Osiyo barqaror ulanish bo‘yicha konferensiya bilan davom ettirmoqchi va qanday qilib aloqa o‘rnatishimiz mumkinligini ko‘rmoqchi edik.

Anjumanda raqamli texnologiyalar ustida ishlash bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qilamiz. Bu odamlarni o‘zaro bog‘lash, ularga imkoniyat berishdir. Raqamli texnologiyalar nafaqat keng polosali tarmoqqa tegishli, balki ular ta’lim olish, ma’lumotlardan foydalanish hamda siz Yevropa davlatlaridan olishni istagan ma’lumotlar va bilimlar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkin va aksincha, chunki biz ham Markaziy Osiyodan ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin.

Xuddi shu narsa transport koridoriga ham tegishli. Mamlakatlar hozir eksport qilishning boshqa yo‘llarini izlashlari kerak. Biz bu yerdan Qozog‘istonga, Kaspiy dengiziga, so‘ngra Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaga o‘tadigan “o‘rta yo‘lak” imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz. Biz qanday qiyinchiliklar borligini, nima uchun u shunchalik qimmatga tushdi hamda Yevropa Ittifoqi va boshqa mintaqalarga eksportni arzon va qulay qilishning amaliy yo‘llarini topish uchun nima qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiyapmiz.

Atrof-muhit, energetika va suv masalalari ham muhim ahamiyatga ega. Biz bilamizki, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ta’sirchan va bu qo‘llab-quvvatlash hamda yechim topish uchun birgalikda ishlash uchun imkoniyat. Biz bir qator vazirliklar bilan uchrashib, ularni Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan hamkorlik qilishga harakat qilamiz.

— Yevropa Ittifoqi ham islohotlarni amalga oshirishda yordam berishini aytib o‘tdingiz. O‘zbekistonda islohotlarni davom ettirishda qaysi ustuvor yo‘nalishlar muhim bo‘ladi?

— O‘zbekistonning asosiy maqsadi 2026 yilga borib kambag‘allikni ikki baravarga qisqartirish, so‘ngra o‘rtacha daromaddan yuqori bo‘lgan mamlakat darajasiga chiqish, shuningdek, islohotlardan barchani qamrab olishi va hech kim ortda qolmasligi uchun barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdir. COVID tufayli biz bir necha yilni yo‘qotdik, qiyinchiliklar va iqtisodiy muammolarga duch keldik. Bu, albatta, odamlarga ta’sir qiladi.

Menimcha, kelajak uchun g‘oyalar va strategiyalar yaxshi. Biz yashil o‘tish, qishloq xo‘jaligida islohotlar, xususiylashtirish, ta’lim va boshqalarni ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, barcha sohalarda katta islohot g‘oyalari va strategiyalari mavjud. Ularning oldinga siljishi, nafaqat strategiyalar darajasida qolishi, balki amalga oshirilishi muhim.

Biz ko‘proq vaqt bo‘lgan va strategiyani ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlagan qishloq xo‘jaligi sohasida o‘sishga guvoh bo‘ldik. Ilgari majburiy mehnat, hatto bolalar mehnati ham mavjud edi. Hozir esa paxta yerlarining ko‘pligidan yerdan foydalanishning xilma-xilligiga o‘tayotgani, xususiylashtirish kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ko‘p o‘zgarishlar bor. Misol uchun, biz qo‘llab-quvvatlaydigan qishloq xo‘jaligi bilimlari markazlari kichik uy xo‘jaliklarini ishlab chiqarish zanjirini barqaror va rivojlangan holda saqlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar, tadqiqotlar va bozorlar bilan bog‘lashni maqsad qilgan. Bu juda muhim, chunki qishloq xo‘jaligi eng ko‘p odam ishlaydigan sohalardan biridir.

Ishonchim komilki, ta’lim sohasidagi ayrim islohotlar nihoyatda muhim, chunki bu har qanday jamiyatning olg‘a intilishi va rivojlanishining asosidir. Buni yaxshi ta’lim tizimi, kasb-hunar ta’limi, mehnat bozorlari bilan o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashsiz amalga oshirishning imkoni yo‘q.

Gender masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda erkaklar soni ayollarga qaraganda bir oz ko‘proq ekanligini bir kun oldin ko‘rdim, lekin farq juda kichik. Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard: “Agar ayollar iqtisodiyot va jamiyatda faol ishtirok etsa, YAIMni bir yoki ikki pog‘onaga oshirishingiz mumkin”, dedi.

Bunda xotin-qizlarning faol ishtirok etishi muhim va hukumatning shunday istagi borligini ko‘ryapmiz. Senat raisi Narbayeva bor, u bu borada juda faol. Biz ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, har bir insonning huquq va imkoniyatlari bo‘lishi kerak. Bu O‘zbekistonning kelajagi uchun muhim.

— Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bo‘lganingizda, o‘z missiyangiz natijasida erishmoqchi bo‘lgan aniq maqsadlarni qo‘ydingizmi?

— Elchi sifatidagi asosiy vazifalarimdan biri Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha ishlarning yakunlanishiga ko‘maklashish edi.

Biz kelishuvlar, GSP+, barqaror rivojlanish maqsadlari haqida ko‘p gapiramiz. Bu haqiqatan ham muhim. Ammo men odamlarga Yevropa Ittifoqi nima ekanligini tushunishlari uchun ham ishlamoqchi edim. Chunki biz nimani himoya qilishimiz va nimani taqdim etishimiz, qayerda yordam berishimiz va qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligini tushuntirish imkoniga ega bo‘lsak, o‘shanda munosib aloqalarni topish uchun ko‘proq imkoniyatlar bo‘ladi. Shu bois, men uchun — elchi sifatida emas, balki shaxs sifatida ham fuqarolik jamiyati vakillari, yoshlar, ayollar bilan doimiy aloqada bo‘lish, uchrashish, muhokama qilish va voqelikni yaxshiroq tushunish imkoniyatiga ega bo‘lish muhim edi.

Ilk kelganimda prezident Mirziyoyev bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldim va u menga: “Barcha viloyatlarga borishingiz shart!” dedi. Men hamma viloyatlarni borib ko‘rishning uddasidan chiqmadim, lekin buning muhimligiga to‘liq qo‘shilaman, chunki mamlakat ulkan, hududlar har xil, odamlarning ham g‘oyalari, urf-odatlari turlicha, ularni o‘rganish kerak. Butun mamlakatni tushunish uchun, albatta, tashrif buyurib, nima haqida gapirayotganingizni ko‘rishingiz kerak.

— O‘zbekistonda bir yarim yildan beri ishlayapsiz. Bu yerda sizga nima ko‘proq yoqadi va nimasi yoqmasligi haqida o‘z fikringizni bildirsangiz.

— Menga eng yoqadigan narsa, bu — mehmondo‘stlik. Bu yerdagi odamlarning energiyasi meni ham hayratda qoldiradi. Yoshmi, ayolmi, yoshmi, qarimi. Hukumat ham g‘ayrat bilan ishlarni oldinga siljitmoqda. Bu yerda ko‘p vaqtimni ish, ko‘p sayohatlar bilan band qilaman. Bu energiya menga ishlashni davom ettirish va kerakli aloqalarni yaratish uchun kuch beradi. Men bu energiyani yaxshi ko‘raman.

O‘zbekistonda velosipedlar, jamoat transporti ko‘proq bo‘lishini istardim. Hozirda ko‘p sonli elektrobuslarni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi bor, tramvaylar 2023 yilda paydo bo‘ladi — bu ajoyib g‘oya, chunki bu ekologiya uchun foydali, Toshkent esa go‘zal yashil shahar bo‘lib qolmoqda. Yashil jamoat transporti va velosipedlar avtomobillar va avtobuslarga yaxshi muqobildir. Men, albatta, shaharni yaxshilash uchun ko‘proq velosipedlarni taklif qilaman.

Davlat Umarov suhbatlashdi.