O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, hamkasblariga 15−16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitiga tayyorgarlikning borishi haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda Hindiston (Subramanyam Jaishankar), Qozog‘iston (Muxtor Tleuberdi), Xitoy (Van I), Qirg‘iziston (Jeyenbek Kuluboyev), Pokiston (Bilaval Bxutto Zardari), Rossiya (Sergey Lavrov) va Tojikiston (Sirojiddin Muxriddin) tashqi ishlar vazirlari ham ishtirok etdi.

«Biz sammitni yuzma-yuz formatda o‘tkazishga qat’iy qaror qildik, bu esa yetakchilarimiz o‘rtasida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha, ayniqsa, joriy xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda ishonch bildiruvchi fikr almashishini tashkil etish imkonini beradi», — dedi u.

Vladimir Norovning so‘zlariga ko‘ra, milliy koordinatorlar sammit uchun «SHHTning jadal rivojlanishi, tashkilotning o‘sib borayotgan salohiyati hamda zamonaviy chaqiriqlarga adekvat va samarali javob berish qobiliyatini namoyish etish uchun ishlab chiqilgan» mustahkam hujjatlar to‘plamini kelishib oldilar.

Sammitning asosiy siyosiy hujjati — Samarqand deklaratsiyasi loyihasida mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan, dedi TIV rahbari v.b. Mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.

Sammitda, Vladimir Norovning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, transport aloqalarining o‘zaro bog‘liqligi konsepsiyasi, sanoat kooperatsiyasi dasturi va «SHHTning yaxshi niyat elchisi faxriy unvoni» to‘g‘risidagi nizomni amalga oshirish bo‘yicha kompleks rejani imzolash belgilangan.

«Pandemiyadan keyingi qiyinchiliklar va murakkab xalqaro kontekstga qaramay, SHHT to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ko‘plab asosiy masalalar bo‘yicha davlatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash uchun ommabop va samarali platforma bo‘lib qolmoqda, shuningdek, oldimizda turgan umumiy vazifalarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda», — dedi. Vladimir Norov.

Shu munosabat bilan u hamkasblari e’tiborini tashkilot faoliyatini yanada rivojlantirish jihatlariga qaratdi.

«Biz xalqaro munosabatlarda tub o‘zgarishlar va global qayta qurish davrining guvohi bo‘lyapmiz. Bu jarayon beqarorlik va iqtisodiy noaniqlik omillarining kuchayishi bilan birga keladi, — dedi Vladimir Norov. — Axborot xavfsizligi sohasida xavfli tendensiyalar kuchayib bormoqda, ular internetda tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda, kibertahdidlarni yaratish, ekstremistik, separatistik va terroristik chaqiriqlarni, shuningdek, qo‘poruvchilik maqsadidagi soxta xabarlarni tarqatish shular jumlasidan».

«Shu nuqtai nazardan, ushbu muammolar va „uch yovuz“ kuchlariga qarshi kurashishda yanada katta birlik namoyon bo‘lishi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. SHHT davlatlari axborot va boshqa yangi tahdidlardan himoyalanish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishi zarur», — dedi tashqi ishlar vazirligi rahbari v.b. «SHHT MATT (Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi — tahr.) faoliyatini xavfsizlik sohasidagi, jumladan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashdagi o‘zgaruvchan voqelikka moslashtirish masalasi pishib yetildi».

Shuningdek, u «so‘nggi tendensiyalar SHHTning geografik o‘zagi — Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning g‘oyat muhimligini tasdiqlayotganini» ta’kidladi.

Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi SHHT makonida xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning strategik sharti bo‘lib qolmoqda, deya qo‘shimcha qildi Vladimir Norov.

Uning ta’kidlashicha, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya «tarixdagi birinchi forum bo‘lib, u yerdan mamlakatni chuqur inqirozdan olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar bildirilgan».

«Jahon hamjamiyati Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashishga ustuvor ahamiyat berib, mamlakatning yangi hokimiyatlariga nisbatan tanqidlar darajasini pasaytirdi», — dedi Vladimir Norov va O‘zbekiston Afg‘oniston aktivlarini muzlatish tarafdori bo‘lishda davom etishini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashga yanada faolroq hissa qo‘shish, yirik infratuzilma loyihalarini, shu jumladan, SHHT davlatlari ishtirokida amalga oshirish, Afg‘onistonning har tomonlama mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilish istagini qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblaydi.

«Afg‘on tomoni bilan xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim», — dedi u.

TIV rahbari v.b. SHHTning hali foydalanilmayotgan zaxiralarini chuqur tahlil qilish va yangicha ko‘zdan kechirish zarurligini ta’kidladi.

«Tashkilotimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishning eng samarali yo‘li savdo, transport, sanoat va texnologik hamkorlik, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, yashil iqtisodiyot va iqlimga moslashish kabi talab qilinadigan sohalarda real hamkorlikni faollashtirishdan iborat», — dedi u.

Xususan, O‘zbekistonning Samarqand viloyatida «O‘zbekiston — SHHT» sanoat zonasini tashkil etish tashabbusi ana shu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan, deya qo‘shimcha qildi vazir v.b.

«SHHT rivojida yangi bosqich tashkilot kengayishining ikkinchi to‘lqini boshlanishi bilan belgilanadi. O‘zbekiston buni tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beruvchi tabiiy jarayon deb biladi. Eronning to‘liq a’zo bo‘lishi yo‘lida erishilgan yutuqlarni qayd etishni istardim. Belarus arizasini o‘rganish jarayoni boshlandi», — dedi Vladimir Norov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga SHHT muloqotida sherik maqomini berish bo‘yicha memorandumlar imzolashga tayyor. Samarqand sammitida Bahrayn va Maldiv orollariga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish tartibini boshlash bo‘yicha ham qarorlar qabul qilinmoqda. Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga SHHTda kuzatuvchi maqomini berish masalasida ham umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan biz oldimizda turgan barcha vazifalarni uddalay olamiz, — dedi yakunida Vladimir Norov.

Uchrashuvdan keyingi brifingda TIV rahbari v.b., shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida SHHT va Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari — ESKATO va YUNESKO o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilganini ham ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirlari sammitda davlat rahbarlari tomonidan tasdiqlanishi rejalashtirilgan barcha hujjatlar loyihalarini imzoladilar.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha, Vladimir Norovning so‘zlariga ko‘ra, mavjud mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal qilishda blok va konfrontatsion yondashuvlarni istisno qilgan holda, SHHT liniyasini jahon miqyosida mustahkamlash bo‘yicha umumiy niyat tasdiqlandi.