O‘zgidromet O‘zbekistonning bir qator hududlarida havo harorati rekordlari yangilanganini ma’lum qildi. Xususan, butun meteorologik kuzatishlar tarixida eng yuqori harorat (50 darajaga yaqin) Qizilqum cho‘li va Termiz shahri hududida qayd etilgan.

22 iyul kuni Xorazm viloyatining Tuyamuyun (+47,5 daraja) va Navoiy viloyatining Uchquduq (+46,3 daraja) hududlarida ham mutlaq harorat rekordi qayd etildi. Avvalgi rekordlar 2021 yilda mos ravishda +46,1 va +46,2 darajani tashkil etgan edi.


Shu kuni Nukusda havo harorati rekord darajaga ko‘tarilib, +43,7 daraja (oldingi rekord 2018 yilda +42,2 daraja), Urganchda +45,4 daraja (1973 yilda +41,4 daraja), Buxoroda +45,8 daraja (2018 yilda +44,7 daraja), Andijonda +40,7 daraja (1948 yilda +40,1 daraja)ni qayd etdi.

23 iyul kuni Toshkentda havo harorati +42,8 darajaga ko‘tarilib, 2018 yildagi rekord ko‘rsatkich — +42,2 darajadan oshib ketdi, biroq bu hali ham mutlaq rekorddan past — 1997 yil 18 iyulda poytaxtda havo harorati +44,6 darajaga yetgan edi.