Qashqadaryoda «Agrobank» Qarshi shahar filiali rahbari tirikligi to‘g‘risida ma’lumot so‘raganidan norozi bo‘lgan fuqaroning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mazkur holatga bank matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirib, holat o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A. J. kredit olish maqsadida bankning Qarshi shahar filialiga 2021 yilda murojaat qilgan. Ushbu murojaatga asosan bankning kredit ma’lumotlar bazasi orqali fuqaroga doir ma’lumotlar tekshirilganda, uning vafot etgani qayd etilgani aniqlangan.

«Bunga ushbu fuqaroning uzoq yillar davomida o‘zi haqida biror-bir xabar bermasdan Rossiya Federatsiyasiga ketib qolgani, turmush o‘rtog‘i esa o‘rtalaridagi mol-mulkni sotish maqsadida A. J.ni vafot etgani xaqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani va davlat notarial idorasi tomonidan ushbu ma’lumot tasdiqlangani sabab bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, shuning uchun bank mas’uli uning tirikligini (FHDYO idoralaridan uning nomiga o‘lgani haqida guvohnoma berilmagani va yashash manzili MFY va IIB pasport bo‘linmasidan ushbu fuqaro aynan A. J. ekani) tasdiqlovchi ma’lumotlarni so‘ragan. Bank huquqiy jihatdan mas’ulning harakatlari to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Fuqarolik Kodeksi talablariga ko‘ra, u yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash tartibi asosida o‘zining tirikligi faktini belgilash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozim va sud tomonidan ushbu ariza qanoatlantirilgach, A. J.ning barcha mulkiy huquqlari qayta tiklanadi hamda uning kredit olish masalasi ijobiy hal qilinadi. Bu haqda fuqaro A. J.ga bir necha marotaba og‘zaki tushuntirish berilgan, deya keltiriladi rasmiy munosabatda.


Biroq, keyinroq bank matbuot xizmati munosabat yozilgan postni tahrirladi va quyidagicha izoh qoldirdi: «Mazkur fuqaro tomonidan 2022 yilning shu davriga qadar kredit olish bo‘yicha murojaat qilmagan. Fuqaro tomonidan belgilangan qonuniy hujjatlar bankka to‘liq taqdim etilganidan keyin kredit ajratish masalasi ko‘rib chiqishini ma’lum qilamiz».

Oradan biroz vaqt o‘tib, Agrobank matbuot xizmati yana qo‘shimcha qilishicha, bankning mas’ul xodimlari ushbu fuqaro bilan suhbatlashgan, unda «fuqaro A.J 2022 yil davomida kredit olish bo‘yicha bankka murojaat qilmaganligi hamda kreditga ehtiyoji yo‘qligini ma’lum qilgan».

Qolaversa, bank OAVlar xodimlaridan bankka tegishli ma’lumotlarni to‘liq o‘rganmasdan asoslanmagan, tekshirilmagan materiallarni tarqatmaslikni, bu holatlar qonunchilikda ko‘rsatilgan tegishli javobgarlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

O‘tgan yilning noyabr oyida 1998 yilda «o‘lgan» deb qayd etilgan fuqaro A. J. notarius hamda shahar prokurorini obro‘sizlantirish, ularga tuhmat qilganlikda ayblanib, sud qilingandi.

O‘shanda ma’lum bo‘lishicha, 1965 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan A. J. shahar Mudofaa ishlari bo‘limida yuritilgan hisob kartochkasining qo‘shimcha ma’lumotlar bandida 1998 yil 23 iyun kuni vafot etgan deya yozilgan. Bu ma’lumot bo‘limga 2008 yil 30 iyun kundagi 751-kirim raqamli hujjat asos bo‘lgan. Fuqaroning aytishicha, uning o‘limi haqidagi hujjat va ayolining soxta ishonchnoma tayyorlashi oqibatida keyinchalik u boridan ayrilgan.

«Turmush o‘rtog‘im Sh. Sh.ga berilgan ishonchnoma soxta, undagi imzo menga tegishli emas. Mening imzoimni soxtalashtirishdan maqsad uyimni sotib yuborish bo‘lgan. Va bunga erishishgan», — degandi u.