2022 yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha jami 1429 ta jinoyat ishi bo‘yicha 1785 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 13 nafari respublika, 195 nafari viloyat va 1 577 nafari tuman — shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 668,2 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar етказилган. Tergov jarayonida ushbu zararning 599,1 mlrd so‘mi undirilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 1210 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirib, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan, 158 nafari mansab mavqeini suiiste’mol qilgan. Shuningdek, yana 129 nafari firibgarlik, 74 nafari poraxo‘rlik, 22 nafari mansab soxtakorligi, 15 nafari mansabga sovuqqonlik qarash, 7 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va 170 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan, deyiladi xabarda.

2021 yilda 2345 ta jinoiy ish bo‘yicha 2804 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgandi. Bunda davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan moddiy zarar 900 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgandi.