O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni paxtachilikdagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda so‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari paxtachilik oldiga yangi vazifalar qo‘yayotgani ta’kidlandi. Xususan, bu yilgiday anomal issiq ilgari hech qachon bo‘lmagan. O‘n kundan beri kunduzgi harorat 43 gradusdan yuqori bo‘lmoqda. Kechki payt ham havo harorati normadan oshib ketmoqda.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu paxtachilik uchun favqulodda vaziyat. Lekin barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, hosilni saqlab qolish zarur. Buning uchun urug‘chilik, nav tanlash, o‘g‘itlash, sug‘orish va zararkunandalarga qarshi kurashishni ilmiy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish kerak.

«Bu har bir klaster, hokimlar va hamma uchun sinovdir. Hosilni saqlab qolishimiz kerak. Men nega buni aytyapman? Buning ortida qancha ish o‘rinlari, qancha eksport turibdi. Avvalroq to‘qimachilik eksportini 9 mlrd dollarga yetkazishimizni aytgan edik. Agar paxta hosildorligi oshmasa, olimlar bilan birga eng yuqori navli paxtani sotmasak, natija bo‘lmaydi», — dedi u.

Yig‘ilishda innovatsion rivojlanish vaziri, Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov kengash a’zolari olim va mutaxassislar bilan birga Quyichirchiq, Sayxunobod, Navbahor, Narpay, Vobkent va Qorako‘l tumanlariga borib, haqiqiy ahvolni o‘rganganini ma’lum qildi. Jumladan, urug‘lik paxta ekilgan maydonlarda ko‘chat tig‘izligi me’yorga nisbatan 35−40 foizga oshirib yuborilgani aniqlangan. Ayrim dalalarda g‘o‘zaning tepasida hosil deyarli yo‘q, pastida esa 2−3 ta ko‘sak bor, xolos. Iqlim o‘zgarishi tufayli zararli hasharot va kasallik turlari ham ko‘paygan.

Shuhrat G‘aniyev va Ibrohim Abdurahmonov.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbari urug‘chilikka yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, zararkunandalarga qarshi kurashish, hududlarning iqlim sharoitiga qarab tomchilatib sug‘orish tizimini moslashtirish kabi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Yig‘ilishda bunday holatda g‘o‘zani parvarishlash va hosildorlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar aytib o‘tildi. Ularni barcha hududlarda amalga oshirish bo‘yicha «dolzarb 30 kunlik» e’lon qilindi.

Ibrohim Abdurahmonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, prezident tomonidan e’lon qilingan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — hosilni saqlab qolish.

Davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevga viloyatlar hokimlari va mutaxassislari bilan birgalikda klaster va fermerlar dalalarida bo‘lib, ilmiy yechim va innovatsiyalarni tushuntirish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Iqlim o‘zgarishi kelgusida ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, ish tutishimiz kerak. Bu masalaga ilmiy yondashish shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iyun oyi oxirida prezident har yili qo‘shimcha 9 mlrd dollar daromad olish uchun ip-kalava ishlashni ko‘paytirib, tayyor mahsulotga aylantirishni buyurgandi. U to‘qimachilik sanoatiga 50 ta xorijiy brend jalb etilishini, eksportchilar uchun yangi subsidiyalar va imtiyozlar berilishini ma’lum qildi.