O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif buyurgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak Samarqand sammiti kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Shavkat Mirziyoyevga XXR raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. U Xitoy tomoni ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholayotganini qayd etdi.

«Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, kambag‘allikka qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini eksport qilish, innovatsiyalarni joriy etish, muqobil energetika, bulutli texnologiyalar, IT kabi va boshqa yo‘nalishlarda tubdan kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

Gumanitar, shu jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini tashkil etish borasidagi almashinuv dasturini ilgari surishga muhim e’tibor qaratildi.

Strategik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» va «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘llari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar alohida ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Afg‘onistonning tinch taraqqiyoti va iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko‘maklashish borasidagi o‘zaro sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlandi. Xitoy delegatsiyasi kuni kecha shu masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan Toshkent konferensiyasining samarali natijalarini yuqori baholadi.