2022 yilning dastlabki olti oyi davomida Respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz saytida 174 mlrd so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi, deb xabar berdi birja matbuot xizmati.

Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 10 foizga, hajmi bo‘yicha — 27 foizga o‘sdi. O‘tgan davrda tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,2 mln so‘mni tashkil etgan. Bunda eng arzon avtoraqam — 545,4 ming so‘mga, eng qimmati esa 348 mln so‘mga teng bo‘ldi.

Sotilgan avtoraqamlarning 93 foizi jismoniy shaxslar, 7 foiz — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 29 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22 foizi — ikkinchi, 13 foizi — uchinchi, 9 foizi — to‘rtinchi, 12 foizi — beshinchi va 15 foizi — oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45 foiz), Samarqand (8 foiz), Buxoro, Farg‘ona va Qashqadaryo (6 foizdan) viloyatlarida xarid qilingan.

Avtoraqamlarning onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi — Davlat budjetiga, 20 foizi — Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil davomida onlayn-auksion orqali jami 298,8 mlrd so‘mlik 139,4 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar xarid qilingan.