AQShning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga prezident Jo Bayden ilgari surgan Jonatan Henik nomzodi AQSh Senati tomonidan tasdiqlandi.

Jonatan Henik amaldagi elchi, AQShning Qozog‘istondagi elchisi lavozimida faoliyatini davom ettiradigan Deniyel Rozenblyum o‘rnini egallaydi.

Jonatan Henik — AQSh diplomatik xizmatining maslahatchi-elchi maqomiga ega yuqori lavozimli amaldor hisoblanadi. O‘tgan yildan beri u Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Axborot va kibermakon kollejida AQSh Davlat departamenti kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Ilgari u Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Janubiy va Markaziy Osiyoda jamoatchilik diplomatiyasi va OAV bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.

Bunga qadar u AQSh Davlat departamentining Global hamkorlik markazida koordinator o‘rinbosari bo‘lib ishlagan va Rossiya, Xitoy va Erondan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi AQShning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish sohasida ishlagan.

Shuningdek, u AQSh Davlat departamenti Xalqaro axborot dasturlari byurosi koordinatorining birinchi o‘rinbosari va koordinator vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan.

U Turkiyada jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi-elchi, Timor-Leshtida missiya boshlig‘ining o‘rinbosari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Portugaliya va O‘zbekistonda boshqa lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

Jonatan Henik Jorj Vashington universitetida ilmiy xodim va taklif etilgan professor, Gavayi orollaridagi Gonolulu shahridagi Sharq-G‘arb markazida (East-West Center) rezident diplomat bo‘lib ishlagan.

Nyu-Yorkda tug‘ilgan Jonatan Henik rus, portugal, turk va ozarbayjon tillarini biladi. U Gavayi universitetida siyosat fanlari nomzodi (PhD), Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha magistr va shu universitetning Kolumbiya kolleji bakalavri darajasiga ega.

Avvalroq, «Gazeta.uz» AQShning O‘zbekistondagi diplomati Deniyel Rozenblyum bilan katta intervyu tashkil etib, Amerika tashqi siyosatining O‘zbekistondagi ustuvor yo‘nalishlari, islohotlardagi yutuq va muvaffaqiyatsizliklar, so‘z erkinligi va mamlakat rivoji o‘rtasidagi aloqalar, qolaversa, Konstitutsiya islohotlari haqida suhbatlashgandi.