Xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida 12 ming xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlanishi kerak edi. Lekin 500 dan sal ortiq ayol uy-joy bilan ta’minlangan, xolos. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva «Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi majlisida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Senat raisi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning o‘n foizi ham uy-joy bilan ta’minlanmaganini tanqid qildi.

«Prezident qabul qilgan hujjatning bajarilmasligini qanday baholash kerak? Hujjatlar bajarilmasa, ularga ishonch qoladimi? «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning uy-joylarni ta’mirlashga ko‘maklashish nazarda tutilgan. Bu esa bir foizga ham bajarilmagan», — dedi u.

Tanzila Narbayeva, shuningdek, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni yaxshilanishi uchun prezident belgilab bergan ayrim ishlar bajarilmayotganini ham tanqid ostiga oldi.

Xususan «Olima ayollar» tuzilmasi hali tashkil etilmagani, davlat boshqaruvi akademiyasida har yili kamida yuz nafar xotin-qizlar uchun alohida o‘quv kursi tashkil etilishi belgilangan bo‘lganiga qaramasdan, bu ham amalda hali bajarilmagani, xotin-qizlar ro‘yxati hatto hali shakllantirilmaganini aytib o‘tdi.

«Xotin-qizlar bilan bevosita ish olib boruvchi quyi bo‘g‘inlar ishi qoniqarli emas. Qoralayman, quyi bo‘g‘inlar ishlarini», — dedi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, u joylardagi mas’ul tuzilmalar topshiriqlarni bajarish o‘rniga tadbirbozlik qilib yurgani,yozning jazirama issiq kunlarida 30 yoshdan oshgan ayollar sayohatlarini tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgani, lekin bu ham amalda bajarilmaganini qayd etdi.

Majlisda ayni paytda Senat qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi huzurida ishchi guruh tuzilgani aytildi. Unda belgilangan vazifalarga ko‘ra, yil yakuniga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida 100 nafar istiqbolli xotin-qizlar rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida o‘qitiladi. 2022 yilning sentabriga qadar har bir tumanda kamida bittadan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Komissiyaning hududlarga biriktirilgan a’zolariga har oyda holatni tahlil qilib borish, Respublika darajasida hal etiladigan muammolarni tegishli vazirlik va idora bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rish hamda natijalari bo‘yicha Respublika komissiyasiga axborot kiritib borish topshirildi.

Shu bilan birga, Komissiyaning navbatdagi majlislarida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, hudud rahbarlari va Komissiya a’zolari holat bo‘yicha axborotlari tinglanadi.