26 iyun kuni tasdiqlangan qonun [O‘RQ-785-son] bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga ko‘ra, talabalarning O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari hududida pulli o‘quv kurslari, sport to‘garaklarini tashkil etishdan va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari jami daromadlarga kiritilmaydi.

Shuningdek, soliq to‘lovchining farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlariga yo‘naltiriladigan daromadlariga soliq solinmasligi belgilandi.

O‘quvchi va talabalarning ta’lim olishi uchun professional va oliy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pulli-kontrakt asosida o‘tkaziladigan mablag‘ xarajatlariga ham soliq to‘lovchining daromadi sifatida qaralmaydi.

Bundan tashqari, mobil aloqa xizmatlariga nisbatan amaldagi 15 foizlik soliq stavkalari 10 foiz etib belgilandi.

Shu bilan birga, norezidentlar bo‘lgan jismoniy shaxslarning mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlari (dividendlar va foizlar hamda fraxtdan olingan daromadlardan tashqari) uchun soliq stavkalari 12 foiz etib belgilandi.

Qonun bilan qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga o‘rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalariga soliq solinmasligi belgilandi.

2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrgacha respublika rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Shuningdek, prezident va hukumatning 2022 yil 1 iyulgacha qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.

Shu bilan birga, Chakana savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona, yo‘lovchi va yuk tashish, avtotransportlarni ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlarini, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlari ko‘rsatuvchi, ko‘ngilochar joylarda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar — 2022 yil 1 apreldan 2025 yildan 1 yanvargacha ijtimoiy soliqni 1 foiz to‘laydi;

  • Tadbirkorlar 2022 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvargacha maydoni 5 ming kv/m dan ko‘p savdo komplekslari va mehmonxonalar, ular egallagan yerlar bo‘yicha quyidagilarga haqli etib belgilandi:
  • mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha stavkalarga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qo‘llashga;
  • foyda solig‘ini hisoblashda 2 yillik mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlarga kiritishga.

Xo‘jaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yo‘lga qo‘ygan soliq to‘lovchilar 2025 yil 1 yanvargacha barcha soliqlardan (QQS va ijtimoiy soliq mustasno) ozod qilinadi.

Charm, mo‘yna xom ashyosi va junni qayta tayyorlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.