Seshanba kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining yangi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Komil Allamjonov Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi lavozimini tark etishi hamda o‘zining barcha biznes loyihalari va kompaniyalarini boshqa egalariga topshirishini ma’lum qildi.

“Bugundan boshlab men biznesmen emasman. Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”, — dedi u.

Komil Allamjonov fond vasiylik kengashiga tez kunlarda yangi rais tanlanishini ma’lum qilib, “so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga ko‘tariladi”, deb o‘ylashini ta’kidladi.

“Chunki davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bu islohotlar faqat oldinga yuradi, ortga qaytmaydi. Shuning uchun ham men barcha bloger va jurnalistlarni yanada faollikka, o‘z ustlarida ishlab, xolis axborot tarqatishda davom etishlariga chaqirib qolaman”, — dedi u.

Komil Allamjonov Avtotest avtomaktabi va Autodriver Study haydovchilarni imtihon qilish markazi, “Soliq info” gazetasi, BEM buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish dasturi va boshqa ko‘plab loyihalar asoschisi hisoblanadi.