O‘tgan haftada issiq havo tufayli O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli eng yuqori tarixiy ko‘rsatkichga yetdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Agar o‘tgan yoz mavsumida sutkasiga o‘rtacha 224 mln kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, bu raqam 22 iyul kuni 237 mln kVt/soat yoki 6 foizga ko‘pni tashkil qildi. Bu joriy yildagi eng yuqori iste’mol ko‘rsatkichidir, deyiladi xabarda.

Toshkent shahrida iste’mol tarixiy ko‘rsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori bo‘ladigan iste’moldan ham ortdi.

22 iyul sanasida bu ko‘rsatkich 27,5 mln kVt/soatni yoki 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumidagi kunlik eng yuqori iste’mol miqdoridan 15 foizga ko‘p — 24 mln kVt/soatni tashkil etdi.

«Iste’molning bunday oshishiga, albatta, yangi binolarning qurilishi, ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi bilan bir qatorda ayrim xonadonlarda elektr energiyasining sutkalik iste’moli 1000 kVt/soatgachaga yetgani yoki ushbu xonadonlar o‘rtacha xonadonning 4−5 oylik elektr energiyasi iste’molini bir kunda iste’mol qilishi sabab bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Energetika vazirligi yuqori harorat va elektr uzatish liniyalarining haddan tashqari qizib ketishi sharoitida dispetcherlar ayrim hududlar va sanoat obyektlarini elektr ta’minotidan vaqtincha uzishga majbur bo‘layotgani haqida xabar bergan edi.