O‘zbekistonda vabo kasalligi aniqlangani haqidagi xabarlar yolg‘on. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda ayrim OAVlarda vabo Afg‘onistonda kasallik qayd etilgani, uning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli borligi, qolaversa, allaqachon mamlakatda vabo qo‘zg‘atuvchisi aniqlangani haqida xabarlar tarqalmoqda.

«Aslini olganda bugungi kunga qadar O‘zbekiston sharoitida birorta ham vabo kasalligiga chalingan bemor aniqlangan emas. Biz Sanitariya epidimiologiya xizmati muntazam ravishda ochiq suv havzalari va „vodoprovod“ suvlaridan na’muna olamiz hamda vabo kasalligiga tekshirib ko‘ramiz», — dedi Nurmat Otabekov.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati shuningdek, mazkur kasallikka oid ma’lumotlar, jumladan, vabo turlari, uning yuqish yo‘llari, unga qarshi ko‘riladigan choralar va davolash usullarini ham e’lon qildi.

Vabo haqida

Unga ko‘ra, Vabo (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri. Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va El-Tor vibrioni deb ataladigan ikki turga ajratiladi.

Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum-tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15−30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin.

Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi.

Kasallik qanday yo‘llar bilan yuqadi?

Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan peshobi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida mazkur kasallik yuqishi mumkin.

Me’da shirasi vibrionlarni o‘ldiradi, ammo suv ko‘p ichilganda yoki me’da shirasi kamroq bo‘lganda vibrionlar me’dadan ingichka ichakka o‘tib, ko‘payadi. Vibrionlarni pashsha ham tarqatadi. Ular vibrionlarni qorniga va oyoklariga ilashtirib olib, oziq-ovqatga va ichimlik suviga yuqtirishi mumkin.

Vabo yuvuqsiz qo‘l, kir kiyimbosh va gigiyena vositalari orqali ham yuqishi mumkin. Vabo vibrionlari tushgan suvni iste’mol qilish natijasida kelib chiqqan vabo epidemiyalari qisqa vaqtda ko‘p aholini zararlashi mumkin.

Klassik vabo og‘ir utib, bemor yotib qoladi, kasallik belgilari (tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek tana harorati pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikatsiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi kuzatiladi) aniq ko‘rinadi, shunga ko‘ra kasallik Vabo boshlanishi bilanoq tezda aniqlanadi.

El-Tor vabosi esa aksariyat hollarda yengil o‘tadi. Vabo belgilari bo‘lmagani holda sog‘lom vibrion tashuvchilar ko‘p uchraydi, shu bois El-Tor vabosini aniqlash klassik vaboni aniqlashga nisbatan qiyinroq kechadi. Shuning uchun El-Tor vabo sining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga o‘tish va keng tarqalish imkoniyatlari katta.

El-Tor vabosi asosan shu yul bilan tarqaladi (ayniqsa qishloq joylarda). Vaboning tipik (algid) formasi 2−3, ba’zan 5 kunlik inkubatsion davrdan keyin o‘ziga xos belgilar bilan boshlanadi: ich tez-tez va ko‘p keladi, bemor qusadi, tana harorati pasayadi (35−34° gacha), muskullari tirishadi, yurak urishi susayadi.

Organizm suvsizlangani uchun bemorning ko‘zlari kirtayadi, badani ko‘karadi, terisi burishib qoladi, yopishqoq ter bosadi. Bemor shu ahvolda bir necha kun yotgach ich ketishi va qusish bosilib, sog‘aya boshlaydi.

Kasallikka qarshi kurashish

Vabo profilaktikasida ifloslangan oqava suvlarni muntazam ravishda zararsizlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda sanitariya-gigiyena qoida va talablariga qat’iy ravishda amal qilishning ahamiyati katta.

Vabo vibrioni chidamsiz bo‘lgani uchun toza va sifatli ichimlik suvidan foydalanish yoki masalliqlarni obdon pishirib, ularni vabo vibrionlaridan xalos qilish mumkin. Bemorga yaqin yurgan kishilar 5 kunlik karantinga olinadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, hozir vabo kasalligi o‘chog‘ida karantin qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, ishlab chiqaruvchisi aniq bo‘lgan va kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlarini is’emol qilish, ifloslangan ochiq suv havzalarida cho‘milmaslik asosiy tadbirlar sanaladi.