7 iyul kuni Nukus yaqinida 100 dan ortiq kuchuk va mushuklarning o‘ligi topilgani haqidagi xabarlarga Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat respublika qo‘mitasi inspektorlari P.Nizomov va Q. Rimovlar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

«Natijada Nukus shahri yaqinida joylashgan maishiy chiqindilar poligonida hech qanday it va mushuklarning jasadi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Ular aholi yashash punktidan taxminan 12−15 km. uzoqlikdagi belgilanmagan joyga ko‘mib tashlanganligi aniqlandi.

«Ta’kidlab o‘tish joizki, o‘rganish asnosida it va mushuklarning jasadlari Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan A-380 „Nukus-To‘rtko‘l“ avtomagistral yo‘lining o‘ng tomonida, aholi yashash punktidan taxminan 12−15 km uzoqlikdagi belgilanmagan joyga noqonuniy ravishda ko‘mib tashlanganligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Ushbu holatda qonunga xilof ravishda ish tutgan mas’ul shaxslardan tushuntirish xatlari olingan, zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, Qoraqalpog‘iston prokuraturasiga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nukus shahri hayvonlar huquqlari himoyachilari o‘z jamoaviy murojaat yo‘llab, 22−23 iyun kunlari Nukusdagi hayvonlarni tutish xizmati hududidan 150 ga yaqin it g‘oyib bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Hayvonlarni boqish va ovqatlantirish uchun kelgan ko‘ngillilarning so‘zlariga ko‘ra, xizmat xodimlari itlarning g‘oyib bo‘lishini ularning go‘yoki shahar tashqarisiga qo‘yib yuborilgani bilan izohlashgan. 7 iyul kuni Nukus yaqinida joylashgan poligondagi chuqurdan 100 dan ortiq kuchuk va mushuklar o‘lik holda topildi. Hayvonlarning og‘zi va panjalari sim bilan bog‘langan, tanalarida ko‘plab yaralar bo‘lgan.