Dushanba kuni O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning hafta davomidagi ish rejasi haqida ma’lumot berdi, deb xabar qildi bloger Aziza Qurbonova.

Dushanba kuni davlat rahbari tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

28−29 iyul kunlari Toshkentda Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Shavkat Mirziyoyevning Tashkilot tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashishi kutilmoqda.

25−26 iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etadi. Ularga prezident murojaati yo‘llanadi.

Ta’kidlanishicha, brifingda 24 iyul — Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni qanday o‘tgani haqida ham axborot berildi.

«Haftaning so‘nggi kuni yakshanba dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan davlatimiz rahbari uchun faol tarzda kechdi. Prezidentimiz Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari, shuningdek, Turkiya Respublikasi yetakchilari bilan telefon orqali muloqotlar qildi. Muloqotlarda xorijiy davlat rahbarlari prezidentimizni tavallud ayyomlari bilan qutladilar, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning yanada rivojlantirish borasida suhbat qildilar», — dedi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, davlat rahbarining tashabbuslari, sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda.

«O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun hurmatli Shavkat Miromonovich RF prezidenti tomonidan Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlanganliklari ham buning bir ifodasi bo‘ldi», — dedi prezident matbuot kotibi.