Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy qamoqxonasi — 7-son jazoni ijro etish koloniyasida ikki mahbus o‘zining joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida yozib qoldirdi. Mazkur holatga Bosh prokuratura ham rasmiy munosabat bildirdi.

Abdurahmon Tashanovning yozishicha, unga mahkumlardan biri — Alisher Yakubovning yaqinlari murojaat qilgan. Ularning aytishicha, o‘g‘li 25 iyun kuni joniga qasd qilib, yuqori qavatdan o‘zini tashlagan.

Hozirda ikki mahbus Toshkentda «Sangorod» deb nomlanuvchi jazoni ijro etish boshqarmasining UYA 64/18-sonli respublika shifoxonasida yotibdi.

Shu yilning yanvarida otasi Elmurod akaga o‘zining muntazam qiynoqlarga tutilayotgani haqida xat yozgani aytilmoqda.

«So‘nggi marta o‘g‘lim 20 yoshga to‘lgan 10 aprel kuni onasi bilan birgalikda ko‘rib kelgandik. Ertasigayoq bolamni karserga yopishibdi», — deya arz qilgan Elmurod Yakubov. «Ezgulik» jamiyati faoli ma’lum qilishicha, Alisher joniga qasd qilgani haqida oradan 4 kun o‘tib, yaqinlariga xabar berishgan.

«Orada mazkur hodisa bo‘yicha bir odamni ishdan bo‘shatishibdi. Surishtiruv xulosalari borasida esa hech nima deyishmayotgan ekan. Sud hukmi bilan qamalgan bu yigitcha panjara ortiga kirganida 18 yoshda edi. Bosh miyasida bolalikdan jarohati bor ekan, «Ezgulik"ka qilgan murojaatiga qo‘shib bir dunyo tibbiy xulosalarni ham taqdim qilishgan boyaqishlar», — dedi Abdurahmon Tashanov.

Ta’kidlanishicha, mahkumning ota-onasi qiynoqqa solgan zo‘ravonlarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ramoqda, advokat yollashga esa qurbi yetmaydi.

«Koloniya ma’muriyati esa bolaning o‘zini irodasizlikda ayblamoqda. Ko‘rinadiki, irodasiz bo‘lsangiz, qamoqqa tushmang. Aks holda, siz uchun hech kim javob bermaydi. Rasmiylar bunday noxush hodisani yashirishadi, go‘yo hamma yoq chaman, gullab ketgan, yashnab ketgan», — deya qayd etdi jamoat faoli.

«Bilamizki, inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz konstitutsiyaviy islohotlar bilan band, — deya so‘zida davom etgan Tashanov. — Unda qiynoqqa qarshi milliy preventiv mexanizmlar guruhi qani? Ombudsman qayerda? Biz yangi qomusimiz loyihasini inson huquqlariga oid go‘zal normalar bilan to‘ldirayotgan pallada irodasizlar joniga qasd qilib o‘tiribdi. Ertaga soha mulozimlari bu masala bo‘yicha jimjimador bayonot qilishsa kerak. Hartugul, bunga ko‘nikib qoldik».

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Alisher Yakubov 2002 yilda Namanganda tug‘ilgan. U JKning 118-moddasi 3-qismi «a» bandi, 119-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 59-,85-moddalarni qo‘llagan holda 10 yil qamoqqa hukm qilingan. Uning jazosi 2019 yilning 17 oktabridan boshlanib, 2029 yilning shu sanasida tugashi belgilangan.

Ikkinchi mahkum Temur Daniyarov 1995 yil Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Bundan avval Qozog‘istonda ham jinoyat sodir etgani uchun sudlangan. Nukus shahar sudining 2020 yil 22 maydagi hukmi bilan JKning 277-moddasi 2-qismi «a» bandi, 59-moddasi 8-qismi qo‘llanilgan holda 8 yil 7 oy muddatga, 2028 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

«Aniqlanishicha, 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkumlar A.Ya. va T.D. 19 iyun kuni koloniya boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan kun tartibiga rioya qilmasdan, o‘zlarining yashash sahniga kirish o‘rniga 2-yashash sahnidagi tanishlari oldiga yashirin ravishda o‘zboshimchalik bilan o‘tishgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ular hech kimning ruxsatisiz, tartibot qoidalarini buzgan holda oldindan adovati bo‘lgan 5-turkumda jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum A.Yu.ning qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan shaxsiyatiga tegib, qo‘pol muomalada bo‘lgan. «Bu holat koloniya xodimlari tomonidan aniqlangan, A.Ya. va T.D. lar intizomiy jazoga tortilgan», — deyiladi munosabatda.

«Bundan norozi bo‘lgan mahkumlar A.Ya. va T.D. lar binoning ikkinchi qavatidan koloniyaning taqiqlangan va yashash sahni tomonga qarab o‘zlarini uloqtirishgan. Koloniya davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limi xodimi mahkumlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatgan», — deya qayd etilgan Bosh prokuratura bayonotida.

Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mahkumlarda og‘ir tan jarohatlari aniqlangan.

Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Uning natijasiga ko‘ra, ushbu holatda jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi.