O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning o‘rtacha daromadini aniqlash va hujjatlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 21 iyul kungi matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisining ko‘pchiligi uydagi yer maydoni, dehqon xo‘jaligi yoki norasmiy ishlardan daromad oladi. Bu esa ularga kredit ajratish jarayonida inobatga olinmaydi, chunki yuridik jihatdan daromad hajmini tasdiqlash imkonsiz.

«Masalan, nonvoylik qilaman desa, daromadini tasdiqlaydigan hech qanaqa hujjati yo‘q. Oila a’zosi, o‘g‘lini oyligini ko‘rsatishi mumkin. Biz hozir Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda har bir hududda o‘zini o‘zi band qilgan, norasmiy daromad oladigan fuqarolarimizni o‘rtacha daromadini statistika bo‘yicha aniqlash mezonini kiritayapmiz», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Ta’kidlanishicha, aynan shu yo‘l orqali ularning daromadlarini ro‘yxatga olish maqsad qilingan.

«Haqiqatdan ham nonvoy bo‘lib ishlayman desa, uning o‘rtacha daromadi mana „shuncha million so‘m“ ekan degan hujjat bilan kredit berish, [tizimni] yengillashtirish choralarini ko‘rayapmiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar hisoblanadi.

Ular qatorida yog‘och o‘ymakorligi, uyda baliq yetishtirish, avtomobil yuvish, aravada yuk tashish, qush va hayvonlarni ko‘paytirish, foto va video suratga olish, enagalik qilish, IT, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritish (blogerlik), issiqxona yuritish, kalit yasash, mebel va metallarni ta’mirlash, popkorn va muzqaymoq tayyorlab sotish, rassomlik va repetitorlik qilish, tarjimonlik qilish va ko‘plab boshqa ishlar bilan shug‘ullanuvchilar joy olgan.

Ma’lumot o‘rnida, shu yilning sentabrida hukumat qarori bilan hamshiralik qilish hamda iyul oyida prezident qarori bilan taksichilik bilan shug‘ullanish ham o‘zini o‘zi band qiladigan ishlar ro‘yxatiga kiritildi.